loader image
All for Joomla All for Webmasters
info@nspi.uz
Э-почта
+998 79 225-07-32
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-71
Faks
Rektor qabulxonasi

E’TIROFIM ETMAYDI SIZGA

  Shu kuni bizga saboq bergan, hayot so’qmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik qilgan va bu vazifani ayni paytda ham sharaf bilan bajarib kelayotgan insonlarni kasb bayramlari bilan tabriklashga oshiqamiz. Albatta, har birimiz istalgan sohada mehnat qilmaylik, ustoz va murabbiylarga ehtiyoj sezamiz. Avvaliga maktabgacha ta’lim muassasasi, keyin maktab, navbati bilan oliy o‘quv yurtida ustozlardan saboq olamiz. Ota-onalarimiz esa bu borada bizning bir umrlik yo’ldoshimiz. Ularning o’gitlari esa alohida mavzu. Farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Xalqimizning ustoz otangdek ulug’, degan purhikmat naqlida ham o’qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtirom namoyon. Bu bayram, avvalo, o‘zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko’z nuri va qalb qo’ri, butun borlig’ini ayamasdan, ma’rifat yo’lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir. Ustoz deganda, har qaysi inson ko’nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg’ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o’lchab va ado qilib bo’lmaydigan qarzdorlik xissi paydo bo’ladi. Ustozlarimiz o’giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo’lmaymiz. Bu bilan ustoz va murabbiylarimiz oldidagi ilk burchimizni ado etgan bo’lamiz. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo’l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo’lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko’nglida hamisha minnatdorlik tuyg’usi bilan yashaydi. Xalqimiz ustozlarni e’zozlab: “Ustozning umri – mangu, chunki shogirdlar umri unga ulanadi”, – deydi. Ha, juda ham to‘g‘ri fikr. Muallim – ustoz shunday mo’tabar zotki, uning nomi ham, umri ham hamisha boqiydir.

      

Buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham oliyjanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, o‘quvchilarini o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig’ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoyi kasb egalaridir. Mana, qariyb yarim asrdan ortiq davrdan buyon bu muqaddas dargoh bo‘y taratib, ilm nurini sochmoqda! Bu yillar mobaynida u o‘z bag’riga kimlarni olib, kimlarni kuzatmadi?! Ne-ne buyuk zotlar bunda o‘qib, unib, kamolga yetmadi deysiz.

Biz ham shu dargohning bitiruvchi talabalari sifatida bu kun o‘z ustozlarimizni yodga olmoqlikni joiz deb bildik. Avvalombor bu biz uchun sharaf, oliy qarzdir.

Navoiy davlat pedagogika institutida bo’lgan davridan buyon faoliyat yuritgan, allaqachonlar o‘z zakovati, ilmi, talabchanligi va qattiq qo‘lligi, xalolligi bilan minglab talabalarning qalbidan chuqur joy egallab ulgurgan fidoiy ustozlarni nomlarini eshitgan sohaning har bir mutahassisining yuragida shirin titroq uyg’onishi tabiiy hol albatta.

   

Hozirdagi “Matematika-informatika” fakultetida faoliyat yuritayotgan ustozlarimiz: Yodgorov G’ayrat Ruzievich, Ibragimov Alimjan Artikbaevich, Ro’ziev Rauf Axmadovich, Nosirova Shaira Narmuradovna, Mirsanov O’ralboy Muxammadievich, Qo’chqorova Surmaxon Suvonovna, Qo’ldoshev Lutfullo Sa’dullaevich, Xamroeva Dilafruz Namozovna, Djuraev Davron Donyorovich, Toxirov Feruz Jamoliddinovich, Jo’rakulov Tolib Toxirovich, Xamroev O’tkir Namozovich, Jo’raboev Almir Jamshidovich, Isroilova Lola Sunnatovna, Qilichev Xudoynazar Aliboevich kabi bu insonlarning institut  hayotida tutgan o’rni nihoyatda beqiyos. Ularning har biri o’ziga xos bir maktab edi desak aslo mubolag’a bo’lmaydi. YOsh avlodga saboq berish, ularga qo’ldan kelgancha ko’mak berish, ilm pillapoyalarida qo’llab-quvvatlash bu kishilarga xos bo’lgan hislat edi. Biz bugun zamonaviy bilim axborot texnologiyalarini puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo’yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo’lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o’qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz. Ustozimiz Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Sobirov Bahodir Boypulatovich odamiylikning barcha xususiyatlarini o’zlarida mujassamlashtirgan, talabchan, serg’ayrat, tashabbuskor inson.O‘z farzandlariday ko’rib, bordi-yu biror masala yuzasidan murojaat qilsak, uni ijobiy hal etmaguncha tinchlanmaydigan institutdagi  ahillik, fanga va talabalarga mehr bilan yondashish, har bir ish uchun vijdon oldida sarhisob berish, biz shogirdlarga u kishidan oladigan ibratli na’munalarimizdir. Qolaversa, fursatdan foydalangan holda, ayni damda Navoiy davlat pedagogika institutimizda faoliyat yuritayotgan barcha ustozlarimizni kasb bayramlari “1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni” bilan chin dildan qutlaymiz.

Qadrdon va sevimli ustozlarimiz! Sizlarni haqqingizni ado etishga umrimiz, barcha fazilatlaringizni sanashga barmoqlarimiz kamlik qiladi. Har biringiz bir kitob bo’lguliksiz. Sizlar ilm berish mahoratini san’at darajasiga olib chiqqan buyuk zotlarsiz.  Haqiqatan ham, ko’z nuri va qalb qo’rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag’ishlagan, bir so’z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak oz.

Institutning Matematika-informatika fakulteti

4-kurs talabasi Ravshanova Gulhayo