Bugungi kunda Navoiy davlat pedagogika instituti dunyoning 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Xususan, Malayziya, Kanada, Rossiya, Belarus, Angliya, Turkiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning universitetlari bilan ilmiy-amaliy anjumanlar, onlayn olimpiadalar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy himoyalar bo‘yicha jarayonlar olib borilmoqda.
Hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, xalqaro reytingdan o‘rin olish maqsadida Taras Shevchenko nomidagi Kiyev milliy universiteti professori Beznosyuk Aleksandr Alekseyevich Navoiy davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.
Dastlab xorijlik olim bilan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor G’.Yodgorov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor D.Narzikulova hamda Xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig’i M.Sayidovalar uchrashib, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Unga ko‘ra, talabalar, ilmiy xodimlar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, diplom ishlari, kurs ishlari va dissertatsion tadqiqotlarni olib borish, ilmiy seminar, trening, anjuman, simpoziumlarda ishtirok etish, qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Hamkorlik memorandumi imzolanganidan so‘ng, Taras Shevchenko nomidagi Kiyev milliy universiteti professori Aleksandr Beznosyuk va yurtimizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, shular qatorida Navoiy davltat pedagogika instituti dotsenti Dinara Elchiyeva hammuallifligida yaratilgan “Sportivnaya psixologiya” va “Sportivnaya metrologiya” darsliklarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng Ukrainalik professor Maktabgacha va boshlang’ich ta’lim fakulteti talabalariga amaliy dars mashg’uloti o‘tib, mutaxassislik fanlaridan savol-javob o‘tkazdi.
Shuningdek, fakultet professor-o‘qituvchilari bilan ham muloqot qilib, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tuzilgan hamkorlik ishlari, Ukraina ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati, ta’lim jarayoni haqida to’xtaldi.
Olim mamlakatimizda ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibor, professor-o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar, shart-sharoitlar xususida iliq fikrlarini, taassurotlarini bildirdi.