NavDUda har yili 9-fevral – Mir Alisher Navoiy bobomizning tavallud kunlarini katta shodiyona bilan kutib olish o‘ziga xos an’anaga aylangan. Shu munosabat bilan bu yil ham universitetimizning barcha fakultetlarida, talabalar turar joylarida o‘tkazilayotgan Navoiyxonlik kechalari talaba-yoshlar uchun o‘ziga xos ma’rifiy saboq bo‘lmoqda. “Fizika-texnologiya” fakulteti jamoasi tomonidan ana shunday tadbirlardan biri, 3-sonli TTJda “Navoiyxonlik kechasi” tashkil etilib, yoshlar bobomizning she’r va g‘azallaridan ijro etishdi. “Prezidentimiz tomonlaridan Navoiy viloyatida 2025 yilni “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilinishi zamirida juda katta ma’no-mazmun mujassam. Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash — o‘zligimizni anglash” mavzusida prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi.
Alisher Navoiy bobomiz asarlarini teran nigoh bilan mutolaa qilishayotgan yoshlarimiz soni kundan kunga ko‘paymoqda. Buyuk shoirning bebaho o‘gitlari yosh avlodda yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni shakllantirishda g‘oyat muhim o‘rin tutishini izohlashga hojat yo‘q. Bu betakror asarlar orqali ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik kabi olijanob fazilatlar mohiyatini teranroq anglaymiz. Ulug‘ shoir butun umr xalqqa xizmat qilib, barcha asarlarida ezgu g‘oyalarni targ‘ib etgan. Biz barchamiz Mir Alisher Navoiy bobomizning tarjimai holi, hayoti va betakror ijodi haqida maktabdayoq ancha-muncha bilimlarga ega bo‘lganmiz. Endi har kuni ana shu bebaho ma’naviy xazinadan bahramand bo‘lib yashashimiz darkor…”– dedi tadbirda, fakultet tyutori L.Zoirova.