Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yashil kelajak” umumrespublika marafoni tashkil etildi. Keng miqyosda oʻtkazilgan ekologik tadbirda Respublikamizning barcha hududlaridan 100 dan ziyod oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilari, mutaxassis olimlar hamda faol talaba-yoshlaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.
Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muxiddin Kalonov hamda universitet matbuot kotibi K.Xolov, shuningdek, bir guruh ko‘ngilli talabalar mazkur jarayonda jonbozlik ko‘rsatdilar. Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, umumrespublika marafoni ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov soʻz olib, davlatimiz rahbarining Orolboʻyi mintaqasining har tomonlama rivojlanishi, mazkur hududda ekologik barqarorlikni taʼminlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirishda ilmiy-amaliy jihatdan asoslangan mana shunday keng koʻlamli tadbirlarning ahamiyati katta ekanligiga toʻxtalib oʻtdi.
Soʻngra “Yashil kelajak” umumrespublika marafoniga start berildi. Ishtirokchilar Nukus shahridagi 8 gektar maydonda yaxshi niyatlar bilan mahalliy iqlim sharoitlariga mos daraxt koʻchatlarini ekib, “Ziyolilar bogʻi”ni barpo etdi. Marafonda onlayn tarzda oliy taʼlim muassasalari jamoalari ham ishtirok etib, tizimda “Yashil makon” umummilliy aksiyasi uyushqoqlik bilan boshlandi.