Navoiy davlat Pedagogika instituti va Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Navoiy viloyat hududiy birlashmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum doirasida fuqarolarning huquq va erkinliklariga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi yuzasidan belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishini taʼminlashda, fuqarolarning taʼlim va fan sohasida isteʼmolchi sifatidagi huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PF-158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasi doirasida belgilangan maqsadlarga erishilishi va vazifalarning oʻz vaqtida hamda samarali bajarilishini jamoatchilik nazorati tartibida monitoring qilish masalalarida hamkorlik qilish borasida kelishib olindi.
Kelishuv doirasida oʻzaro hamkorlik quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshirilishi belgilandi:
- fuqarolarning isteʼmol madaniyatini shakllantirishda keng jamoatchilik, mutasaddi tashkilot va muassasalar, shu jumladan, professional, oliy taʼlim va fan sohasi vakillarini jalb qilgan holda chora-tadbirlar ishlab chiqish;
- isteʼmolchilarning professional taʼlim, oliy va fan sohasida buzilgan huquqlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tiklash yoʻlida hukumat va boshqa davlat boshqaruv idoralariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritish;
- professional, oliy taʼlim va fan xodimlari, shuningdek aholining keng qatlamlari oʻrtasida seminarlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar hamda ommaviy tadbirlarni tashkil etish orqali isteʼmolchilarning huquqiy bilim saviyasini oshirish;
- taʼlim oluvchilarning isteʼmolchilik huquqiy bilim saviyasi va isteʼmol madaniyatini oshirish borasida hamkorlik qilish;
- isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga oid masalalarda turli ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borishni tashkil etish;
- hamkorlik maqsadidan kelib chiqib, mamlakatda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini fuqarolarga keng tushuntirish ishlarini tashkil qilish yoʻnalishlarida hamkorlik qiladilar.