Mutolaa madaniyati kishining manbani toʻlaqonli tushunishi, undan estetik zavq olishi, muallif fikri va gʻoyasini anglashi hamda uni baholay olishi kabi xususiyatlarga ega boʻlishini taʼminlaydi. Kitobni tanlash, uni oʻqish, avaylab saqlash, shaxsiy kutubxona tashkil etish, oʻqilgan kitoblarni boshqalarga tavsiya eta olish ham mutolaa madaniyatiga kiradi… Ijodkorlar oʻz ijodiy ishlarini jamiyatga taqdim etar ekan, insonlar undan estetik zavq tuyishini xohlashadi. Kimdir u zavqni tuya oladi, kimdir esa yoʻq. His qilolmaslik insonni chuqur anglashga, soʻzsiz tushunishga toʻsqinlik qiladi. Shuning uchun ham bugungi kun adabiyoti oʻz oʻquvchisi oldiga yangi vazifalarni qoʻyishi kerak. Bunday vazifalardan biri ko‘proq kitob o‘qish orqali estetik didni rivojlantirishdir. NavDPI “Fizika-texnologiya” fakultetida joylashgan kutubxona xodimlari M.Xujakulova va G.Latipovalar ishtirokida 23-fevral kuni “Bir haftada bir kitob” loyihasining ushbu haftadagi bosqichi o‘tkazildi. Komil Sindarovning “Qimmatga tushgan xato” kitobi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbir savol-javob tarzida tashkil etildi. G’oliblar kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi. “Badiiy kitobsiz ilmu maʼrifatga toʻla erishishni, haqiqiy toʻkis jamiyat qurishni tasavvur qilib boʻlmaydi. Demak, hamma narsa insonning bilimiga, maʼnaviy kamolotiga borib taqalar ekan, kitobxonlik anʼanalarini davom ettirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish oʻta zarur vazifaligi oʻz-oʻzidan ayon…”-dedi “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Sh.Turobova.