Yaqinda Navoiy viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytdi. Tashrifda Navoiy viloyati Guansi-Chjuan avtonom hududi bilan uzoq va yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, jumladan qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, kadrlar tayyorlash, oliy taʼlim sohasi, choʻllanishning oldini olish, iqlimimizga mos oʻsimlik turlarini oʻzlashtirish yoʻnalishlarida hamkorlik boʻyicha bitimlarga erishishni taklif qilgandi. Taklifga asosan bugun Guansi-Chjuan avtonom hududi delegatsiyasi Navoiyga tashrif buyurdi. Ular bilan viloyat hokimining oʻrinbosarlari Elbek Gʻafforov boshchiligida masʼullar uchrashuv oʻtkazishdi.
Shundan soʻng Xitoy delegatsiyasi Navoiy davlat universitetida boʻlib, universitet rektori professor Muxiddin Kalonov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Jarayonda ikki davlat oliy taʼlim muassasalari hamkorligini yanada mustahkamlash, universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qishloq xo‘jaligi, kadrlar tayyorlash kabi vazifalar muhokama qilindi hamda keyingi bosqichda qilinadigan ishlar bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.