Ma’lumki, Navoiy davlat pedagogika instituti 20 ga yaqin jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan o’zaro samarali hamkorlik aloqalarini o’rnatgan. Kuni kecha, 26-aprel sanasida Rossiyaning Astraxan davlat universiteti bilan hamkorlikda xalqaro miqyosda yoshlar o’rtasida tajriba almashish va loyiha tashabbuslarini shakllantirishga qaratilgan onlayn uchrashuv o’tkazildi.
Uchrashuv doirasida Navoiy davlat pedagogika instituti Rus tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, dosent F.R.Jumaeva, rus tili va adabiyoti ta’lim yo’nalishining iqtidorli talabalari M.Maxmudova va N.Amonovalar O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati, YOshlar ittifoqi faoliyati, respublika yoshlarining ijtimoiy hamda ma’naviy kamol topishi uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, turli tanlov va innovasion loyihalar to’g’risida ma’ruza qildilar.
Tadbirni o’tkazishdan asosiy maqsad — talaba-yoshlar birlashmalarining o’zaro hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, ijtimoiy, madaniy va ilmiy sohalarda tajriba almashish va ikki tomonlama loyiha tashabbuslarini shakllantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
Uchrashuvda O’zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, shuningdek, Kaspiy mintaqasidagi universitetlarning xalqaro bo’limlari xodimlari ishtirok etdi.