Abituriyent ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:

– ta’lim yo`nalishi, o`qitish tili va shakli ko`rsatilgan holdagi ariza;

– o`rta yoki o`rta maxsus ma’lumot haqidagi hujjatning  asl nusxasi; pasportining nusxasi;

– 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 ta rasm;

– xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiadalar, tanlov va musobaqa sovrindorlariga o`qishga tanlovsiz kirish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasi;

– muddatli harbiy xizmatni o`tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo`lgan abituriyent tegishli tavsiyanomani oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga 15 iyulgacha taqdim etadilar, undan keyin topshirilgan tavsiyanoma qabul qilinmaydi.

Abituriyent qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatini shaxsan ko`rsatadi.

Ko`rsatib o`tilgan hujjatlar mavjud bo`lganda, qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Abituriyent qaysi yozuvda (kirill yoki lotin) o`qigan bo`lsa, shu yozuvda ariza yozadi va test topshiradi. Arizada test o`tkazish tartib va qoidalari bilan tanishganligi, oliy ma’lumotga ega yoki ega emasligi ko`rsatiladi. Abituriyentga hujjatlari qabul qilinganligi to`g`risida tilxat beriladi.

Abituriyentlar ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni shartnoma asosida olishga haqlidirlar (“Ta’lim  to`g`risida”gi qonun, 14-modda).

Test sinovi boshlanishidan 3 kun oldin abituriyent qabul komissiyasi tomonidan e’lon qilingan binolar va auditoriyalarning reja-chizmalarini diqqat bilan o`rganib, test topshiradigan binoning qayerda joylashganligi, auditoriyaning tartib raqami va qaysi qavatda ekanligini bilib oladi.

Abituriyentlar guruh tartib raqami ko`rsatilgan ruxsatnomani test boshlanishidan 3 kun oldin ta’lim muassasasi qabul komissiyasidan oladi.

Test o`tkaziladigan kuni abituriyentlarni bino ichkarisiga kiritish ertalab soat 7.30 da boshlanadi. Abituriyent binoga kirishda ruxsatnoma va pasportini shaxsan ko`rsatadi. Soat 8.00 dan boshlab abituriyentlar o`z guruhlari raqamiga muvofiq raqamlangan auditoriyaga kiradilar.

Test sinovlariga mikrokalkulyator, lug`at, jadval, kitob, uyali telefon aloqa vositalari  va shpargalkalarni olib kirish taqiqlanadi.

Test sinovlari boshlangandan so`ng (8.30 dan keyin) abituriyent auditoriyaga kiritilmaydi.

Test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qo`shimcha test sinovlari o`tkazilmaydi.

Abituriyent test sinovlarini ta’lim muassasasida o`qiydigan tilda va ta’lim olgan yozuvda (kirill, lotin) topshiradi.

Test vaqtida abituriyentlarga quyidagi talablar qo`yiladi:

savollar kitobi va javoblar varag`ini olgandan so`ng, javoblar varag`i varianti bilan savollar kitobi varianti mosligini sinchiklab tekshirib chiqadi. Savollar kitobining fanlar bo`yicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa sabablarga ko`ra to`la nashr qilinmagan o`rinlar yoki betlar bo`lsa, darhol auditoriya rahbariga xabar beradi va nuqsonsiz test savollari kitobi hamda javoblar varag`ini oladi (agar abituriyent soat 9.00 gacha savollar kitobidagi nuqsonlar haqida auditoriya rahbariga xabar bermasa, uning murojaati qabul qilinmaydi). Savollar kitobining tegishli joyiga o`z familiyasi, ismi va sharifini yozib, imzo qo`yadi. Shundan so`ng abituriyent javoblar varag`ining “Abituriyentlar diqqatiga” qismini o`qib chiqadi.

Javoblar varag`ini to`ldirishda abituriyent faqat ko`k (havorang) pastali sharikli ruchkadan foydalanadi.

Flomaster va siyohli avtoruchkadan foydalanish man etiladi.

Abituriyent o`zi haqidagi ma’lumotlarni javoblar varag`ining tegishli qismiga titul varag`idan ko`chiradi va imzo qo`yadi.

Javoblar varag`i raqamini titul varag`i va ruxsatnomasidagi mos kataklarga ko`chirib yozadi.

Maxsus kod, tugatgan maktabi joylashgan viloyat, tuman, shahar tumani kodlari, maktab (litsey, kollej) raqami, o`quv yurti va ixtisoslik kodlarini javoblar varag`ining mos joylariga titul varag`idan ko`chiradi va doirachalarni mos ravishda bo`yaydi.

Har bir fanning o`z joyiga belgilanishiga e’tibor beradi. Chet tili bo`yicha test topshirayotgan abituriyent mos kelgan tilga tegishli doirachani bo`yashi shart.

Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanadi. Agar bitta savolga ikki yoki undan ko`p javob belgilansa, ushbu savolga ball berilmaydi.

Javoblarni tanlash uchun 108 ta savolga 3 soat, 72 ta savolga 2 soat vaqt ajratiladi.

Javoblarni tanlash ixtiyoriy. Abituriyent o`zi tanlagan javoblarini javoblar varag`ining tegishli blokiga mos ravishda ko`chiradi. Buning uchun testga ajratilgan vaqtdan tashqari 20 daqiqa vaqt beriladi.

To`ldirilgan javoblar varag`i abituriyentning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjatdir.

Javoblar varag`ining to`g`ri to`ldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir.

Javoblar varag`ida tegishli doirachalarni noto`g`ri belgilagan, javoblar varag`ini almashtirgan, fan bloklari o`rnini almashtirib bo`yagan, javoblar varag`ining tegishli bloklarida familiyasi, ismi va sharifi, o`quv yurti nomi, ixtisosligini yozmagan hamda imzo qo`ymagan, titul varag`iga javoblar varag`i raqamlarini yozmagan yoki undagi raqamlarni bo`yagan abituriyentlarning e’tirozi ko`rib chiqilmaydi.

Test sinovi paytida, test materiallarini topshirmagan abituriyentlarning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi.

Auditoriyadan chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo`yilmaydi

Test davomida abituriyentlarning bir biri bilan gaplashishi, javoblarni bir-biriga ko`rsatishi, test materiallarini boshqalarga uzatishi, mikrokalkulyator, lug`at, jadval, kitoblardan, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalardan foydalanishi, test hujjatlaridan nusxa ko`chirishi va boshqalarga yordam berishi taqiqlanadi.

Abituriyent mazkur qoidalarga rioya qilmasa, u test sinovlarini o`tkazish tartibini qo`pol ravishda buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, sinovdan chetlashtiriladi.

Test sinovini belgilangan muddatdan oldin tugatgan abituriyent savollar kitobi, javoblar varag`i va titul varag`ini auditoriya rahbariga topshiradi, abituriyentlar ro`yxatidagi o`z familiyasi to`g`risiga javoblar varag`i raqami va variant raqamini, testni tugatgan vaqtini yozib, imzo qo`yadi, pasporti va ruxsatnomasi bilan auditoriyadan chiqib ketadi.

Test uchun ajratilgan vaqt tugagach auditoriya rahbari bu haqda e’lon qiladi. Abituriyentlar tartib bilan savollar kitobi, javoblar varag`i va titul varag`ini navbat bilan auditoriya rahbariga topshirib, abiturientlar ro`yxatidagi o`z familiyalari to`g`risiga javoblar varag`i raqami va variant raqamini, testning tugatgan vaqtini yozib, imzo qo`yadilar, shundan so`ng guruhdagi barcha abituriyentlar bir vaqtda pasporti va ruxsatnomasi bilan auditoriyadan chiqib ketadilar.

Auditoriya rahbari va kuzatuvchi test materiallarini sanab qutiga joylashtiradi va qutiga ikki abituriyent ham shaklda belgilangan joyga imzo qo`yadi.

Abituriyent javoblar varag`ining tegishli joyini bo`yash bilan auditoriyadagi test jarayonining borishiga o`z fikrini bildirishi mumkin.

O`tkazilgan test sinovlari bo`yicha hamda fanlar bo`yicha test savoliga e’tirozi bo`lgan abituriyentlarning murojaatlarini ko`rib chiqish maqsadida DTMda murojaatlarni ko`rish komissiyasi (keyingi o`rinlarda – Komissiya) tashkil etiladi.

Komissiya tarkibiga DTMning mas’ul xodimlari va fanlar bo`yicha ekspertlar kiritiladi.

Komissiyaning tarkibi DTM direktori tomonidan tasdiqlanadi.

Test savoliga e’tiroz arizalari komissiya tomonidan test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab, bir oy davomida ko`rib chiqiladi.

Test savoliga e’tiroz bo`yicha arizalar abituriyent ishtirokida ko`rib chiqiladi. Arizani ko`rib chiqish jarayonida abituriyentning ota-onasi shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko`rsatgan holda qatnashishga haqli. Abituriyent komissiyaga pasporti va ruxsatnomasi bilan belgilangan kuni keladi.

Arizasini ko`rib chiqish jarayonida abituriyentning javoblar varag`i ko`rsatiladi va unga test sinovida yo`l qo`yilgan noto`g`ri javoblari ro`yxati bilan birgalikda testda tushgan savollar kitobi nusxasi joyida ko`rib chiqish uchun beriladi.

Murojaatni ko`rib chiqish natijasi bo`yicha bayonnoma tuziladi va Komissiya a’zolari hamda abituriyent tomonidan imzolanadi.

Komissiya xulosasi to`g`risidagi ma’lumot O`zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.

Abituriyent o`z huquqlarini himoya qilishni so`rab boshqa idoralarga murojaat qilishga haqli.

 

© 2017 Navoiy davlat pedagogika instituti saytidan olingan ma'lumotlarni chop etilganda veb-saytga havola qilish majburiy
Сайт скован и затачивается при помощи Octopus