Bugun Navoiy davlat universiteti kengashining joriy yildagi yakuniy yig’ilishi o‘tkazildi. Yig’ilishni Kengash raisi — universitet rektori, professor Muxiddin Kalonov olib bordi.
Kengash yigʻilishi avvalida Oliy Attestatsiya komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan ilmiy unvon va ilmiy daraja olgan bir guruh professor-o‘qituvchilarning diplomlari tantanali topshirildi. Shuningdek, universitet yoshlar yetakchisi A.Zokirov “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak-nishoni olganligi bilan samimiy muborakbod etildi. Shundan soʻng, Kengashning 4-majlisida kun tartibidan oʻrin olgan masalalar boʻyicha hisobotlar tinglandi.
Kun tartibida “Edo.ijro.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimi orqali kelgan xatlar ijrosi, joriy o‘quv yilida o‘quv jarayonining tashkil etilishi va borishi, ilmiy tadqiqot va innovatsion, ilmiy pedagogik faoliyatning amalga oshirilish darajasi, erishilgan natijalar va ularni joriy etish ko‘rsatkichlari, 2024-yilda moliyaviy va iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlari hamda uni istiqbolda rivojlantirish, 2023-2024-o‘quv yili bitiruvchilarini ishga taqsimlanishi va uning natijalari kabi 5 ta asosiy masala tahlil qilinib, muhokama etildi.
Shuningdek, bir nechta turli masalalar ko‘rib chiqildi: professor-o‘qituvchilarni ilmiy daraja va unvonlarga tavsiya etish, doktorlik dissertatsiyasi mavzusini tasdiqlash va ilmiy rahbar tayinlash, darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya, risola va o‘quv adabiyotlarini nashrga tavsiya etish, universitetning “Navoiy davlat universiteti axborotnomasi” elektron jurnali tahririyati Nizomi va tahririyat tarkibini tasdiqlash, bo‘limlarning 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash, universitetda raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, xalqaro reytingida Scopus maqolalarining o‘rni hamda Navoiy davlat univeristetining scopusdagi salohiyati va boshqa bir qator masalar muhokama etildi. Kengashda ko‘rilgan barcha masalalar kengash a’zolari tomonidan maqullanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.