Navoiy davlat universiteti Axborot-resurs markazida Xalqaro adabiyot, san’at, madaniyat va ijtimoiy fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi va Navoiy davlat universiteti hamkorligida Shoxisravxon eshon Allohqulixo’ja eshon o‘g’li va Nurxon Bekniyozovlar tarafidan tayyorlangan “Xoja Ahmad Yassaviy nasabnomasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirni universitet O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Tavakkal Choriyev ochib, Xoja Ahmad Yassaviy, uning ajdodlari nasabnomasi, ustozlari, xususan, Arslonbob bilan munosabatlari, Yassaviy hayoti, hikmatlari, tariqati, yassaviylik qoidalari va Yassaviy naslidan bo‘lib, bugungi kunda hayot bo‘lgan taniqli zotlarning ham faoliyati yoritilganligi jihatlari haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, Xalqaro adabiyot, san’at, madaniyat va ijtimoiy fanlar akademigi, yozuvchi Nurali Qobil, Xalqaro Ahmad Yassaviy jamg’armasi boshqaruv kengashi a’zosi, yassaviyshunos olim Abdumannop Ziyoyev, taniqli shoir, Xalqaro adabiyot, san’at, madaniyat va ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Abdulla Vaxsh, NavDU professori A. Xolmurodov va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu “Nasabnoma” yangi topilgan qo‘lyozmaga asoslangani va tarixiy hujjat hamda dalillarga boyligi bilan alohida qiymatga egaligi haqida mulohazalarini bayon etdilar. Shuningdek, ko‘p yillik samarali ilmiy izlanishlari va ushbu asarni keng jamoatchilikka taqdim etgani uchun muallif Nurxon Bekniyozovga Xalqaro adabiyot, san’at, madaniyat va ijtimoiy fanlar akademiyasining akademikligi ko‘krak nishoni va diplomi tantanali ravishda topshirildi.