Bugun, 20-sentyabr kuni Navoiy davlat pedagogika institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, hassos shoir G’ayrat Majid, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi, Oʻzbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Salim Ashur hamda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ashurali Joʻrayevlar bilan ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Muxiddin Kalonov kelgan mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, ijodiy uchrashuvni ochib berdi.
Uchrashuv avvalida yoshlar orasidagi kitobxonlik, adabiyot, nasr va nazm hayotimiz hamda jamiyatimiz orasida nechogʻlik muhim ahamiyat kasb etishi haqida fikr yuritildi va yoshlarimizga adabiy meroslarni oʻrganish, ularni asrab avaylash, izlanishlar qilib yangiliklar yaratilishi muhim ekanligi ta’kidlandi.
Adabiy-badiiy kechada mehmonlar so‘zga chiqib, talabalarga o‘z hayot va ijod yo‘llari haqida so‘zlab berdi, sheʼrlaridan namunalar o’qildi.
Shuningdek, tariximizda o‘chmas iz qoldirgan sheʼriyat darg’alari hayoti va ijodi, yurtimizda ularning nomini abadiylashtirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda shoira, faxriy jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Salima Umarova, tarjimon, shoir Vafo Fayzulloh va bir qator ijod ahli vakillari — shoirlar, jurnalistlar, shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etdi. Mehmonlarning shoirona o‘z dunyoqarashi, bosib oʻtgan hayot yoʻli, erishgan yutuqlari va chuqur ma’noga ega bo’lgan ijod namunalari bilan yoshlar qalbida o‘chmas iz qoldira oldi.