Ha, hayot – olis manzillarni ko‘zlovchi karvon. U o‘z maromida, o‘z qonuniyatlari asosida o‘tib boraveradi. Ana shu karvon ichra kechuvchi ba’zi insonlar umri taqdirning turli sinovlariga, ba’zan aslo yechimi yo‘qdek tuyuluvchi muammolariga, zarbining zahri ko‘p yillar davomida jismingizdan ketmaydigan, ruhiyatingizdan aslo o‘chmaydigan zarbalarga duch qilaverar ekan. Ammo ana shunday chorasiz qolgan kezlarda muruvvatli insonlarning beminnat saxovati tufayli qalbdagi og‘riqlar, ko‘ngilga g‘ubor misol ingan afsus-nadomatlar uzlatga chekina boshlaydi. Demoqchimizki, chin dildan qilingan saxovat ko‘ngillarni yoritadi, hech qachon unutilmaydi. Aksincha, saxovatpeshalarning ezgu amallari qatoriga alohida savob ish sifatida yoziladi. Axir, xalqimiz bejiz, saxovat ortida savob bor, demagan-ku. NavDU “Fizika-texnologiya” fakulteti professor-o‘qituvchilari Navbahor tumani “Sarbozor” MFY fuqarosi To‘xtayev Izzat Kamolovichning xonadonlarida bo‘lib, ularning farzandlariga yangi yil sovg‘alarini topshirishdi. “To‘g‘risini aytaman, taqdir taqozosi bilan Rossiyaning ko‘p shaharlarida ishlab keldim. O‘zbekistonday tinch va osoyishta yurt yo‘qligiga iymon keltirdim. Yangi yil oldi xayolimdan fikrlar o‘tar ekan, subhidamdan Vatanimizda tinchlik, xotirjamlikni ta’minlayotgan, ehtiyojmand oilalarning birdek boshini silayotgan Prezidentimizga uzoq umr tilab, minnatdorchilik bildiraman. NavDU o‘qituvchilari bizni oilamizdan doimo xabardor bo‘lishmoqda. Ularning yordamlari bilan ishga kirish hujjatlarini tayyorladik. Yangi yildan ish boshlayman…”-dedi I.To’xtayev.