Avval xabar berganimizdek, Oliy taʼlim muassasalari hamkorligini yanada rivojlantirish, hamkorlik koʻlamini kengaytirish, oʻquv-uslubiy hamda ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida integratsiyalashuvni mustahkamlash maqsadida Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Muxiddin Kalonov respublikamizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Bugun institut rektori Samarqand davlat universitetida boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi, oliygoh rektori Rustam Xalmuradov bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda taʼkidlanganidek, ikkala oliy taʼlim muassasalari hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha memorandum imzolanishi kelishib olindi.
Bugungi kunda Samarqand davlat universitetida 14 ta fakultet, 63 ta kafedra, 34 ta taʻlim yoʻnalishlari va 40 ta magistratura mutaxassisligi mavjud. Universitetda 13000 ga yaqin talabalar tahsil oladi. Ularga 800 dan ortiq professor-oʻqituvchilar, jumladan, 3 nafar OʻzFA akademiklari, 81 nafar fan doktorlari va 311 nafar fan nomzodlari taʻlim berishmoqda. 40 dan ortiq mutaxassisliklar boʻyicha falsafa doktori (Phd) va fan doktorligi (DSc) doktoranturalari, ularni himoyasini oʻtkazuvchi 9 ta ilmiy kengashlar faoliyat yuritmoqda.
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Muxiddin Kalonov universitetning ilmiy va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish laboratoriya xonalarini, jumladan, Nobel mukofoti laureati, professor Aziz Sanjar nomidagi “Zamonaviy analiz usullari” laboratoriyasi, “Suyuqlik va gaz mexanikasi” laboratoriyasi, shuningdek, “SamDU Ibn Sino markazi” spin-off korxonasi, Zoologiya muzeyi va boshqa diqqatga sazovor joylarni borib koʻrdi, faoliyati bilan tanishdi.