Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Navoiy davlat pedagogika institutida bo‘ldi. Navoiy davlat pedagogika institutida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayonlarini zamon talablari asosida tashkil etish, bo‘lajak pedagoglarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, axborot texnologiyalarini mukammal o‘rganishlari uchun zarur sharoitlar yaratish — ustuvor maqsadlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Shulardan kelib chiqqan holda institut hududidan zamonaviy loyihalar asosida 950 o‘rinli yangi o‘quv binosi kapital ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinmoqda. Qurilish ishlari bilan tanishish maqsadida vazir o‘rinbosari mazkur binoni ko‘zdan kechirdi. S.Buzrukxonov o‘quv binosini zamonaviy mebel jihozlari va o‘quv-moddiy baza bilan ta’minlash, bu yerda talabalar zamonaviy bilim olishi, professor-o‘qituvchilarning faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay sharoit yaratib berish lozimligi bo‘yicha institut rahbariyatiga qator topshiriq va tavsiyalarni berdi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosariga institutda 2022-2023 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan boshqa qurilish loyihalari ham tanishtirildi.