Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Navoiy davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi. Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Majid Karimov bilan institut rektori Bahodir Sobirov uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida yangi qurilayotgan kampus haqida ma’lumot berildi. Institut faoliyatini o’rganish jarayonida dastlab Majid Karimov hamda viloyat mas’ul xodimlari «Inkubatsiya va akseleratsiya» markazidagi jarayonlar, jumladan, amaldagi loyihalar hamda erishilgan yutuqlar bilan tanishdi.
Shuningdek, ishchi guruh mas‘ullari 1-kurs talabalari bilan uchrashib, ularning dars jarayonlarini kuzatdi. Talabalar bilan institutda yaratib berilgan shart-sharoit va imkoniyatlar haqida suhbatlashib, ularning oʼquv jarayoni va taʼlim sifatini yaxshilashga oid taklif va tavsiyalarini tingladi. Qolaversa, talabalarni 1-bosqichga qabul qilinganligi bilan tabriklab, ularning o’qishdagi faoliyatiga omad tiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Majid Karimov tashrif davomida Navoiy davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyida boʻlib, muzey faoliyati bilan ham tanishdi.
Muzeydagi tarixiy ashyolar, ekspozitsiyalar, qoʻlyozmalar, xalqimiz istiqloli va ilm-u ma’rifati uchun jonlarini fido qilib kurashgan, nohaq tuhmat va ayblovlar bilan qatag‘on qilingan, surgun qilingan ajdodlarimiz haqida muzey direktori Xurshid Qurbonov batafsil maʼlumot berdi.