Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Navoiy davlat pedagogika institutining zamonaviy tipdagi yangi kampusi qurilishi bilan tanishdi. Vazir oʻrinbosari yaqinda boshlangan qurilish ishlari bilan tanisharkan, ushbu yangi makon talabalar, professor-ustozlar, qolaversa, viloyat aholisi va butun Respublikamiz uchun ham chinakam maʼnoda oʻzgachalagi, jozibadorligi, jahon standartlariga toʻliq mos va oʻziga hosligi bilan ajralib turishi haqida fikrlarini bildirdi. Shu bilan birga vazir oʻrinbosari masʼullarga kerakli tavsiyalarini ham berib o‘tdi.
Ma‘lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, institutning yangi kampusi Navoiy shahri, Yoshlik mahallasidagi 19 gektar maydonda qad roslaydi. 2027-yilga qadar bitkazilishi rejalashtirilgan talabalar shaharchasida 12 ming oʻrinli oʻquv binolari, 2 ming 400 oʻrinli talabalar turar joylari, sport inshootlari, amfiteatr, sayilgoh, zamonaviy oʻquv laboratoriyalar, muzey, ilmiy-tadqiqot va kovorking markazlari, kutubxona, ochiq va yopiq tipdagi basseyn va boshqa infratuzilmaga ega zamonaviy binolar quriladi.