Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Quysinov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini oʻrganish jarayonlari oʻtkazilmoqda.
Shu kabi jarayonlar oldidan Navoiy davlat pedagogika institutida muhokamalar tashkil etildi. Unda Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari bilan bir qatorda hududlardagi xalq taʼlimi va maktabgacha taʼlim boshqarmalari mutasaddilari, shuningdek, hududlardagi oliy taʼlim muassasalari rahbariyati, fakultet dekanlari, boʻlim boshliqlari, kafedra mudirlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalaridan kelib chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Institutda taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha taʼlim dasturlari (malaka talabi, oʻquv reja va dasturlar)ni kadrlar buyurtmachilarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqish va ularga kiritilgan oʻzgarishlar holati, xalqaro standartlar klassifikatori va baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS) talablari to’g’risida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, oʻquv mashgʻulotlarini “4+2” tartibida tashkil etilganligi e’tirof etildi.