NavDPI “Fizika-texnologiya” va “Matematika-informatika” fakultetlarida “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida tashkil etilgan davra suhbatida Navoiy shahridagi harbiy qism xodimlari institutimiz professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari ishtirok etishdi. – Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, eng avvalo, xalqimiz ruhiyatiga bayram shukuhini singdirish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik, istiqlol ne’mati va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirishdan iborat, – deydi NavDPI “Fizika-astronomiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi E. Qudratov – Qolaversa, yoshlarimizning milliy armiya va harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan. Davra suhbatida yoshlar va harbiylar dildan suhbatlashdi. Vatan himoyasi muqaddas va sharafli burch, armiya va yoshlar hamisha birdam, yoshlar Vatan tinchligi va osoyishtaligi uchun mas’ul ekanligi xususida so‘z yuritildi. “Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoiyligi ona-Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda xalqining tinch va faravon hayot kechirishiga imkoniyat darajada hissa qo‘shishi bilan o‘lchanadi, albatta. O‘zbekiston xalqi buyuk davlat, jamiyat qurilishi yo‘lida mardonavor mehnat qilmoqda. Xulosa shuki, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi jarayonida, yoshlar o‘z Vatanlari va xalqining o‘tmishi naqadar buyuk bo‘lganligini yaxshi bilib va tushunib olishlari kerak…”dedi harbiy qism kichik serjanti A.Zuvurov.