Xabar berilganidek, Navoiy davlat universitetida shahar va tuman hokimlarining oʻrinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun oʻquv-amaliy seminarlar boʻlib oʻtmoqda.
Taʼkidlanganidek, joriy yilning 18-20-noyabr kunlari Prezidentimizning yangi saylangan parlament palatalari majlislarida soʻzlagan nutqlarida mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi. Bu esa boshqaruv kadrlari zimmasiga zamonaviy bilimlarni oʻrganib, ilgʻor tajribalar asosida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qilish masʼuliyatini yuklaydi.
Seminarda Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muxiddin Kalonov tomonidan ishtirokchilarga aholi muammolarini hal etishda eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan bir qator masalalar boʻyicha tushunchalar berildi. Jumladan, davlatimiz rahbarining joriy yilning 31-oktyabr – 1-noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida hamda viloyat faollari bilan boʻlgan uchrashuvida eʼtibor qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hamda ularning yechimi boʻyicha koʻrilayotgan zarur choralar haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, mahallabay ishlash tizimining zamonaviy va samarali usullarini joriy qilish orqali innovatsion iqtisodiyot, xizmatlar sohasi va tadbirkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama etilyapti.