Oliy ta’lim muassasalari talabalarini kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida bugun Navoiy davlat pedagogika instituti talabalari bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoir va yozuvchilar Normurod Norqobilov va O‘roz Haydar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan tadbirda ijodkorlarning ibratli, shu bilan birga mashaqqatli va mazmunli hayot yo‘li, ijodi, she’riy to’plamlari, hikoyalari, asarlari haqida batafsil so‘z bordi. Uchrashuv davomida talabalarning ham fikrlari, ijod namunalari tinglandi. Tadbir yakunida adiblarga esdalik sovg’alari hamda suratlari tushirilgan portret taqdim qilindi.
Institut hududida adiblar va yoshlar birgalikda nihollar o‘tqazarkan, bu o‘ziga xos ramziylik kasb etdi. Tashrif mobaynida ijodkorlar sport musobaqalarini ham tomosha qilib, talabalarga muvaffaqiyat yo‘llashdi.
Institut tuzilmasidagi Qatag’on qurbonlari xotirasi muzeyi bo‘ylab qilingan sayohat ijod ahli vakillariga bir olam taassurot qoldirdi.