Bugun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Navoiy viloyatidagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan kadrlar xizmati rahbar va mas’ul xodimlari uchun amaliy seminar tashkil etildi. Seminarda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portalida o’tkazilayotgan tanlov jarayonlari, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalar atroflicha muxokama etildi.
Ochiq muloqot ruhida bo’lib o’tgan seminarda Agentlikning Davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh inspektori – Xamidullo Inomov ishtirok etdi va kadrlar xizmati mas’ul xodimlarining Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz orqali o’tkazilayotgan ochiq tanlovlarni o’tkazish yuzasidan duch kelinayotgan muammo hamda takliflarini tingladi.
Muloqot davomida yagona milliy mehnat tizimi aynan vakant lavozimlarga ochiq mustaqil tanlovlar o’tkazayotgan davlat tashkilotlari hamda tanlovlarga hujjat topshirayotgan nomzodlar uchun ahamiyatli ekani, ushbu tizim kadrlarning yagona bazasi ekanligini inobatga olib, unda uchrayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari yuzasidan o’zaro fikr almashildi.
Kadrlar xizmatlari mas’ul xodimlariga bugungi kunda xodimlarning tanlov va mehnatga oid jarayonlarini to’g’ri tashkil etish va rasmiylashtirishlari xususida tavsiyalar berildi. Shuningdek yig’ilish davomida ishtirokchilarga davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 may kuni qabul qilingan “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori mazmun-mohiyati tushuntirib berildi.
Xususan, Davlat boshqaruvi organlari kadrlar bilan ishlash yo’nalishidagi byurokratik to’siqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etilishi, bunda vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o’tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo’yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo’lgan jarayonlarni to’liq elektron tarzda amalga oshirilishi, tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to’g’risidagi ma’lumotlar yagona elektron bazaga jamlangan holda axborotni to’planishi va unga ishlov berilishi, kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish yo’lga qo’yilishi xususida ma’lumotlar berildi.
Muloqot davomida bugungi kunda vakant lavozimlar uchun o’tkazilayotgan ochiq tanlovlar yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar Agentlikning mas’ul xodim tomonidan o’rganilib, ularga qisqa muddatlarda javoblar berib borilayotganligi qayd etildi. Ushbu qulaylik va ochiqlik fuqarolarni davlat fuqarolik xizmatiga tenglik, adolatlilik prinsipi asosida ishga qabul qilinishiga ko’maklashayotganligi ta’kidlandi.
Amaliy seminar davomida kadrlar xizmati rahbar va mas’ul xodimlarlariga aynan bugungi kunda dolzarb bo’lgan, amaliyotda ko’p uchraydigan va bahs-munozaralarga sabab bo’layotgan muammolarning yechimi bo’yicha Agentlik markaziy apparati hamda viloyat filiali mas’ul xodimlaridan batafsil javoblar berildi.
Seminar yakunida bu kabi ochiq muloqotlarni muntazam o’tkazib borishga kelishib olindi.