Mamlakatimizda har yili 9 may — Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanadi. Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari oldida hurmat bajo keltirish, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag’rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, o’tganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlash an’ana tusiga kirgan. Bayram munosabati bilan Navoiy davlat pedagogika instituti rahbariyati, Maktabgacha va boshlang’ich ta’lim fakulteti dekani va tyutorlari hamda talabalari, dastlab, Karmana tumanidagi Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo’yib, unga ta’zim bajo keltirdi.
Shundan so’ng, Karmana tumanida yashovchi — Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 102 yoshni qarshi olgan Pirnazar bobo Turdiev xonadonida bo’ldilar.
Bobo bilan kechgan suhbat — urushning achchiq va iztirobli yillari hamda bugungi dorilomon, shukuhli lahzalar haqida bo’ldi. Shuningdek, institut jamoasi Pirnazar bobo Turdievni kelayotgan bayram bilan samimiy tabriklashdi. U kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab, esdalik sovg’alarini topshirdilar.