Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Navoiy davlat pedagogika instituti jamoasi, 600 dan ziyod professor-o‘qituvchilari ishtirokida “Ustozlar forumi” tashkil etildi. Forumda institut rektori, professor Muxiddin Kalonov yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan keng ko‘lamli ishlar hamda vazifalar, institut istiqboli yo‘lidagi strategik rejalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Endilikda jahonning rivojlangan TOP-300 talik roʻyxatida turadigan OTMlarning oʻquv fan va rejalari, dasturlari oʻzlashtiriladi, taʼlimning yangicha texnologiyalari tadbiq etiladi. Professor-oʻqituvchilarning malakasini uzluksiz oshirish mexanizmini yaratamiz, – dedi rektor M.Kalonov.
Qolaversa, o‘tgan 2023\2024-o‘quv yili mobaynida ko‘rsatilgan natijalarga alohida to‘xtalib, institut jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.Forumda institutda ilmiy-innovatsion ishlarni rivojlantirish va ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan tizimli ishlar natijasi o‘laroq, institut izlanuvchilari, muntazam ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan, yuqori malakali, tegishli sohada chuqur kasbiy bilim va yutuqlarga erishgan 60 nafar xodimlarga ilmiy unvon va ilmiy darajalarini tasdiqlovchi diplomlar tantanali topshirildi. Shuningdek, bir guruh professor-o‘qituvchilarga ham ko‘krak nishonlari va sertifikatlar topshirildi.Forum yuqori kayfiyatda, ajoyib kuy-qo‘shiqlardan tashkil topgan konsert dasturi bilan davom etib, yig’ilganlarga unutilmas taassurot qoldirdi.