Zulfiyaxonim! Bu nomni eshitgan kishining qalbida 20-asr o‘zbek adabiyotining iste’dodli va sadoqatli shoirasiga nisbatan mehr, hurmat uyg‘onadi. “Bahor keldi seni so‘roqlab…” har yili bahorning ilk kuni – Zulfiyaning tavallud ayyomida bu dil izhori she’riyat muhiblari ko‘nglida aks sado beradi. Negaki, Zulfiya va bahor egizak tushunchalardir. Bu shoira tug‘ilgan sana bilangina bog‘liq emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, uning ijodini milliy she’riyatimizning o‘ziga xos bahori, deya ta’riflash mumkin.
Zulfiya adabiyot maydoniga qonida yashash zavqi jo‘shib, dilida sevgi talqini toshib kirdi. Adibaning qalb tug‘yonlariga limmo-lim she’riy misralari o‘zbek adabiyotida alohida bir maktab bo‘lsa, taqdirning achchiq sinovlariga dosh berib, qaddini baland tutib onalik mehriyu cheksiz sadoqati bilan hayotning pastu balandini yengib o‘tishi ko‘pchilikka ibrat bo‘ldi. Zulfiyaxonim she’rlarida inson umrining mashaqqati va rohati, mehrmuhabbat, sabr-toqat, chidam, iroda, odamiylik, o‘zbek ayollariga xos samimiylik, soddadillik, kamtarlik bilan kuylanadi. Zulfiyaning siymu zari she’riyat, sajdagohi Vatan, yuzlab shoira qizlar faxri iftixoriga aylandi. Shoira tinmay ishladi, ijod qildi.
O‘nlab she’riy kitoblari, dostonlari, jahon adabiyotidan tarjimalari xalqimizning ma’naviy mulkiga aylandi. Shoira nomini nafaqat O‘zbekiston, butun dunyo tanidi. Vatanimizning o‘nlab mukofotlariga, xalqaro nufuzli sovrinlariga, sharafshonlariga sazovor bo‘ldi.