Konstitutsiya bayramining o‘ttiz ikki yillik shodiyonasi qalblarimizga alohida shukuh, quvonch olib kirganini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Mamlakatimizda keng miqyosda olib borilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlar, hayotimizni kundan kun yaxshilanib borishining huquqiy mezoni – konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgani oydin haqiqat.
Mamlakatimiz Bosh qomusi – Yangi O‘zbekistonimizning konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan Navoiy davlat universitetining barcha professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari hamda aziz talabalarimizni samimiy muborakbod etaman.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Bosh qonunimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimizdir.
Fursatdan foydalanib, yurtimiz ilm-fani ravnaqi yo‘lidagi sharafli faoliyatingiz, ezgu ishlaringiz va tashabbuslaringizda ulkan zafarlar tilayman. Oilangizga fayz-u baraka, sihat-salomatlik va baxt-saodat yor bo‘lsin. Vatanimiz tinchligiga aslo ko‘z tegmasin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin.
Barchangizga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi muborak bo‘lsin!
Navoiy davlat universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor.