loader image
All for Joomla All for Webmasters
info@nspi.uz
Э-почта
+998 79 225-07-32
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-71
Faks
Rektor qabulxonasi

AQL VA HISLAR GIGIYENASI

 Egizak ukam bilan birga katta bo`ldim. Xavas qilsa arziydigan uka edi. Egizaklik sizni odam ajratish, yon bosish, ortiq ko`rish (favoritizm) kabi masalalarda mutaxassis qilib qo`yar ekan. Agar uning pishirig’i (pechenyesi) menikidan ozgina bo`lsa ham katta bo`lsa bormi, menda savollar tug’ilar edi. Lekin och qolmaganim rost.

Psixolog bo`lganimdan so`ng esa men boshqa turdagi favoritizmni payqay boshladim. U ham bo`lsa, aqldan ko`ra vujudni ko`proq qadrlash. Psixologiya sohasidagi doktorlik darajasini olish uchun universitetda 9 yil umrimni sarfladim. Ko`pchilikning tashrif qog’ozim (vizitka)ga qarab, nima uchun mana bunday deganini tushuntirib berolmasam kerak: “Demak, psixologsiz. Haqiqiy shifokor emas ya’ni.” Xuddi bu narsa tashrif qog’ozimda yozib qo`yilishi kerakdek. Vujudni aqldan ustun qo`yuvchi mana shu favoritizmni har yerda ko`raman.

Yaqinda bir tanishimning uyida bo`lgandim. U besh yoshdagi farzandini uxlatish taraddudida ekan, farzandi bu payt kichik kursi ustiga chiqib, chig’aniq (rakovina) qarshisida tishlarini tozalayotgan edi. Birdan sirg’anib ketib, yiqildi-yu, oyog’ini shilib oldi. Biroz yig’lagach, o`rnidan turib, kursiga qayta chiqdi va bu safar tibbiyot qutisi (aptechka)ga qo`l uzatdi. U yerdan bir dona yara uchun qullob (leykoplastыr) olib, hozirgina shilib olgan joyiga yopishtirdi. Oyoq kiyimining iplarini o`zi arang boylay oladigan besh yoshdagi bu bola yara yallig’lanmasligi uchun uni yopish kerakligini va tishlarni sog’lom saqlash uchun ularni kuniga ikki marta yuvish lozimligini bilar edi. Tanamiz sog’lig’i va og’iz bo`shlig’i gigiyenasi haqida qanday qayg’urish kerakligini hammamiz bilamiz. Shunday emasmi? Biz buni besh yoshimizdanoq bilamiz. Xo`sh, ruhiy sog’lig’imiz saqlash haqidachi? Bu haqda nima bilamiz? Ochig’ini aytadigan bo`lsak, hech narsa. Farzandlarimizni hissiyot gigiyenasi xususida nimalarga o`rgatyapmiz? Hyech narsaga. Biz qanday qilib aqlimizdan ko`ra tishlarimizga ko`proq vaqt ajratishimiz mumkin? Nima uchun jismoniy sog’lig’imiz biz uchun ruhiy sog’lig’imizdan ham muhimroq?

Holbuki, bizning boshimizga ruhiy jarohatlar jismoniy jarohatlardan ko`ra ko`proq tushadi. Muvaffaqiyatsizlik, rad qilinish, yolg’izlik kabi ruhiy jarohatlar. Agar e’tibor bermasak, mazkur jarohatlar yana ham chuqurlashib, hayotimizga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Ruhiy jarohatlarni davolashning ilmiy jihatdan isbotlangan usullari mavjud bo`lishiga qaramay, biz ulardan foylanmaymiz. Biz xatto bunday qilish haqida o`ylab ham ko`rmaymiz. “Tushkunlikka tushib qoldingmi? Boshingdan chiqarib tashla, bularning hammasi boshingda xolos”. Mana shu gaplarni oyog’i singan odamga aytishni bir tasavvur qilib ko`ring-a? “Oyog’ing sinib qoldimi? Juda chuqur olma. Yurib-yurvor. Hamma gap oyog’ingda”.

Jismoniy va ruhiy sog’limiz o`rtasidagi bo`shliqni to`ldirish vaqti keldi. Ikkisiga nisbatan birdek munosabatda bo`lish, ikkisini ham teng ko`rish vaqti. Xuddi egizaklar kabi.

Egizaklar haqida gap ketar ekan, ukamning ham psixolog ekanligini aytib o`tay, ya’ni u ham yuqoridagi ko`pchilik o`ylagandek “haqiqiy shifokor” emas, garchi biz birga o`qimagan bo`lsak ham. Aslida, umrimda qilgan eng qiyin ishim bu – psixologiya sohasida unvon olish uchun Atlantika ummoni osha Nyu-Yorkka borish edi. Hayotimizda birinchi marta bir-birimizdan ajraldik. Ayriliq har ikkalamiz uchun ham og’ir edi. Biroq u oilamiz va do`stlarimiz bilan birga ekan, men boshqa bir davlatda bir o`zim edim. Bir-birimizni juda sog’inardik. U paytda xalqaro telefon so`zlashmalari ham qimmat edi, pullimiz esa haftada atigi besh daqiqagina gashlashishga yetardi. Tug’ilgan kunimiz bo`lgan kun bu safar birinchi marta uni birgalikda nishonlay olmas edik. Bir harajat qilaylik, deb shu hafta 10 daqiqa gaplashishga qaror qildik. Uning qo`ng’irog’ini kutar ekanman, xonamda tinmay yurib chiqdim va shu alfozda tongni o`tkazdim. Kutdim, yana kutaverdim, ammo telefon jiringlamasdi. O`rtadagi soat farqini hisobga olib, ehtimol, hozir do`stlari bilan birgadir, kechroq telefon qilib qolar, deb ham o`yladim. U vaqtlarda qo`l telefonlari yo`q edi. Lekin u baribir telefon qilmadi. O`n oylik ayriliqdan so`ng men bir narsani tushunib yeta boshladimki, u endi meni men uni sog’inganimdek sog’nimayotgan edi. O`sha tong telefon qilishini bilar edim, ammo o`sha tun hayotimda o`tkazgan eng mahzun va eng uzun tun bo`ldi. Ertasi kun uyg’ongach, telefonga nazar tashladim. Ne ko`z bilan ko`rayki, bir kun avval xonamda u yoqdan bu yoqqa yurar ekanman, telefonning simini oyog’im bilan chiqarib yuborgan ekanman. Yotgan joyimdan sakrab turdim. Telefonni ulaganimni bilaman, oradan soniyalar ham o`tmay u jiringladi. Ha, bu ukam edi. Ovozidan tepa sochi tikka ekanligini sezdim. O`sha tun uning ham hayotida eng mahzun va eng uzun tun bo`libdi. Nima bo`lganini tushuntirishga harakat qildim, ammo u “Bir narsaga tushunmayapman. Meni telefon qilmayotganimni ko`rganingdan keyin, nega o`zing go`shak (trubka)ni ko`tarib, menga sim qoqmading?”, – dedi. U haq edi. Men nima uchun unga telefon qilmadim? O`sha paytda menda bu savolga javob yo`q edi, lekin bugun bor va u judda oddiy – yolg’izlik.

Yolg’izlik ruhiyatimizni shu qadar chuqur yaralaydiki, natijada u hissiyotimizni buzib, o`y-fikrlarimizni alg’ov-dalg’ov qilib yuboradi. Atrofimizdagilar, aslida undan bo`lmasa ham, biz haqimizda juda kam qayg’uryapti, deb o`ylashga majbur qiladi. Bizni boshqalarga murojaat qilishdan qo`rqadigan holatga tushirib qo`yadi. Qalbing shundoq ham chidab bo`lmas darajada og’riyotgan bir paytda nima uchun o`zingni rad qilinish va iztirob girdobiga duchor qilasan? U vaqtlarda men haqiqatdan ham yolg’izlik changalida edim. Biroq kun davomida atrofim to`la odamlar bo`lgani uchun bu narsa hech aqlimga kelmagan ekan. Yolg’izlik mutlaqo sub’yektiv narsa. U o`zingizni atrofdagilardan ijtimoiy yoki ruhiy ma’noda qanchalik yakkalanib qolgan, deb hisoblab hisoblamasligingizga bog’liq. Men o`zimni shunday his qilayotgan edim. Yolg’izlik bo`yicha ko`plab ilmiy tadqiqotlar mavjud bo`lib, ularning barchasi kishini dahshatga soladi. Yolg’izlik sizni faqat ayanchli holatga solib qo`ymaydi, balki u sizni o`ldiradi ham. Hazillashayotganim yo`q. Surunkali yolg’izlik barvaqt olamdan o`tish ehtimolini 14% ga oshiradi. U yuqori qon bosimi va yuqori miqdordagi xolesteringa ham sabab bo`ladi. Xatto immunitetingizga ham salbiy ta’sir ko`rsatib, turli kasalliklarga qarshi sizni zaif qilib qo`yadi. Qolaversa, olimlar ham surunkali yolg’izlik umuman olganda sizning uzoq muddatlik salomatligingiz va uzoq umr ko`rishingizga tamaki chekish kabi jiddiy salbiy ta’sir ko`rsatadi, degan xulosaga kelishgan. Bugungi kunda tamaki mahsulotlarining ustida “chekish sog’lig’ingiz uchun xavflidir” degan ogohlantiruvchi yozuvlarni ko`rish mumkin. Ammo yolg’izlikdan ogohlantirish yo`q. Ruhiy sog’lig’imiz haqida qayg’urar ekanmiz, aynan mana shuning uchun aqliy va hissiy gigiyenaga birinchi navbatda e’tibor berishimiz lozim. Agar psixologik travma olganingizni bilmasangiz, uni davolay ham olmaysiz.

Hissiyotlarimizni buzib, bizni noto`g’ri fikr hosil qilishga sabab bo`luvchi yagona psixologik travma faqat yolg’izlik emas. Muvaffaqiyatsizlik ham xuddi shunday. Bir kuni bolalar bog’chasiga bordim. Uchta yosh bola aynan bir xil o`yinchoqlarni o`ynayotgan edi. O`yinchoqning qizil tugmasiga bossangiz, ichidan chiroyli kuchukcha chiqishi kerak edi. Bir yosh qizaloq qizil tugma o`rniga pushti rangli tugmani tortib ko`rdi, bosib ko`rdi, natija bo`lmagach, oxiri o`yinchoqni surib qo`ydi. Ko`zlari hamon o`yinchoqda-yu, ammo jajjigina lablari titray boshladi. Uning yonidagi bola bu holatni ko`rib, o`z o`yinchog’iga qaradi, lekin unga qo`l ham tekkizmay yig’lab yubordi. Xuddi shu paytda boshqa bir qizcha qizil tugmani bosish uchun aqliga kelgan ming bir usulni sinab ko`rayotgan edi. Va nihoyat u qizil tugmani bosdi. O`yinchoq ichidan chiroyli kuchukcha chiqib kelganini ko`rib, ko`zlari quvnab, suyunib ketdi. Uch bolada ham bir xil o`yinchoq edi, ammo ularning muvaffaqiyatsizlikka nisbatan munosabatlari turlicha edi. Birinchi ikkita bola ham qizil tugmani bemalol bosa oladigan darajada edi. Muvaffaqiyatga erishishlariga to`sqinlik qilgan yagona narsa bunga ularni ishontirib qo`ygan aqllari edi. Kattalar ham doim mana shunday aldanib qoladilar. Aslida hammamizda tushkunlik va muvaffaqiyatsizlikka duch kelganimizda ishga tushib ketadigan hislar va ishonchlar majmui mavjud.

Aqlingiz muvaffaqiyatsizlikka nisbatan qanday munosabatda bo`lishini bilasizmi? Bilishingiz lozim. Agar aqlingiz sizni ma’lum bir ishni qilolmasligingizga ishontirsa va siz ham bunga ishonsangiz, xuddi haligi ikki bolaga o`xshab siz ham o`zingizni nochor his qila boshlaysiz yoki xatto urinib ham ko`rmaysiz. Undan keyin esa muvaffaqiyatga erisha olmasligingizga o`zigizni yanada chuqurroq ishontirib qo`yasiz. Mana shu sababdan juda ko`p odamlar o`zlarining haqiqiy salohiyatlaridan pastda harakat qilishadi. Chunki hayotlarining ma’lum bir pallasida birgina muvaffaqiyatsizlik ularni muvaffaqiyatga erisha olmasliklariga ishontirib qo`ygan, bunga o`zlari ham ishonishgan.

Bir narsaga ishonib qolgandan keyin fikrimizni o`zgartirish juda qiyin. Bu narsa menga ukam bilan birga o`smirlik paytimizda o`ziga xos tarzda dars bo`lgan. O`rtoqlarimiz bilan yarim kechasi mashina haydab ketayotganimizda yo`lda bizni militsiya xodimi to`xtatdi. Aylanib yurgan joyimizda talonchilik sodir etilgan va gumondor shaxslarni qidirishayotgan ekan. Militsiya xodimi mashinamiz yoniga kelib, qo`lidagi chirog’ini avval haydovchi o`rindig’ida o`tirgan ukamga, keyin esa menga qaratdi. Ko`zlarini katta qilib ochib, “Sening yuzingni avval qayerda ko`rganman?”, – deb so`radi. Men esa “yonimdagi o`rindiqda”, deb javob berdim, chunki ukam bilan egizak bo`lganimiz uchun yuzlarimiz o`xshash edi. Ammo bu javobimdan militsiya xodimi hech narsa tushunmadi shekilli, uning o`rniga meni narkotik moddalar ta’sirida, deb o`yladi. Meni mashidan tushirib, ust-boshimni tekshirdi, o`z xizmat mashinasi yoniga olib bordi. Nihoyat, jinoyatchi emas, tuppa-tuzuk bola ekanligimga ishonch hosil qilgandan keyingina men unga mashinamizning haydovchi o`rindig’ida o`tirgan bola egizak ukam ekanligini ko`rsata oldim. Biroq bizni qo`yib yuborgandan keyin ham, mashinada uzoqlashar ekanmiz, men haqimda baribir nimanidir yashirdi, degan gumoni uning yuzidan ko`rinib turardi.

Bir narsaga bir marta ishonib qolsak, undan keyin fikrimizni o`zgartirish qiyin. Shu sababli muvaffaqiyatsizlikdan so`ng tushkunlikka tushib, jasoratimizni boy bergandek his qilishimiz tabiiy bo`lishi mumkin, biroq muvaffaqiyatga qayta erisha olmaslikka o`zingizni ishontirib qo`yishga yo`l qo`ymasligingiz kerak. Chorasizlik, ilojsizlik tuyg’usiga qarshi kurashib, vaziyatni o`z qo`lingizga olishingiz va mana shunday salbiy aylana vujudga kelishidan avval uni buzishingiz lozim. Aqlimiz va his-tuyg’ularimiz biz o`ylagandek ishonchli do`stlarimiz bo`lavermaydi. Aksincha ular xuddi qaysar o`rtoqqa o`xshaydi, bir qarasangiz qo`llab-quvvatlovchi bo`ladi, yana bir qarasangiz yoqimsiz. Qachonlardir bir ayol bemorim bor edi. 20 yillik turmushidan keyin juda noxush tarzda ajrashgan edi. Oradan ma’lum bir muddat o`tib, u nihoyat yangi uchrashuvchiga chiqishga qaror qilibdi. Bir kishi bilan Internet orqali tanishibdi. Nazarida u kishi hushmuomala, muvaffaqiyatli va eng asosiysi bu ayolga qiziqish bildirayotgandek edi. Ayol juda to`lqinlangan va buning uchun alohida yangi ko`ylak ham sotib olgandi. Ular Nyu-Yorkdagi hashamatli bir mayxona (bar)da uchrashishgan. Uchrashuvdan o`n daqiqa ham o`tmay haligi kishi bu ayolga qiziqishi yo`qligini bildirib, uzr aytib, chiqib ketgan. Rad etilish inson uchun juda alamlidir. Bu holat ayolga shu qadar og’ir botganidan, u o`tirgan joyidan qimirlay ham olmagan. Faqat dugonasiga telefon qila olgan. Dugonasi esa unga mana bunday degan: “Sen nima kutgan eding? Yonboshlaring tarvaqaylab yotgan bo`lsa, aytishga arziydigan chiroyli biron gap ham bo`lmasa, kelishgan va omadli bir kishi senga o`xshagan omadsiz ayol bilan nega uchrashsin?”. Dugona degani ham shunchalik berahm bo`ladimi? Agar bu gaplarni aytgan odam uning dugonasi emas edi, desam, balki bunchalik shafqatsiz tuyulmagan bo`lar edi. Aslida esa, ayolning o`zi bu so`zlarni o`ziga aytayotgan edi. Mana shu ish hammamiz qiladigan narsa, ayniqsa rad etilganimizda. Biz darrov o`z xato va kamchiliklarimiz, qanday bo`lishni xohlab, qanday bo`lishni xohlamaganimiz haqida o`ylashga tushib ketamiz, o`zimizni turli nomlar bilan koyimiz. Ehtimol o`zimizni bu darajada qattiq koyimasdirmiz balki, ammo bor gap shuki, bu ishni hammamiz qilamiz. O`zimizga nisbatan bo`lgan hurmat va izzatga shundoq ham putur yetib turgan paytda yana o`zimiz ham qo`shilib shunday qilishimiz qizig’-a? Nima uchun chuqur ketib, yaraga tuz sepamiz? Holbuki, badanimizdagi jismoniy jarahotga tuz bosmaymizku, to`g’rimi? Yoki qo`limiz kesilganda pichoqni olib, qani ko`raylikchi yana qanchalik chuqurroq kesa olarkinman, demaymiz-ku.

Ammo psixologik jarohatlarda bu ishni doim qilamiz. Xo`sh, nima uchun? Chunki hissiy gigiyenaga yetarlicha amal qilmaymiz. Chunki ruhiy sog’lig’imizga birinchi navbatda e’tibor bermaymiz. Olib borilgan o`nlab tadqiqotlardan shu narsa ma’lumki, o`zimizga nisbatan hurmatimiz past bo`lganda stress va xavotirlar qarshisida yana ham zaif qolamiz, muvaffaqiyatsizlik va rad etilishlar bizni yanada ranjitadi, ulardan tuzalishimiz esa uzoqqa cho`ziladi. Shuning uchun rad etilganingizda, o`lganning ustiga tepgan qabilida kurashga bel bog’lab, ishni “oxiriga” yetkazib qo`yish emas, balki, eng birinchi navbatda, o`zingizga bo`lgan hurmatni qayta tiklashga va jonlashtirishga kirishishingiz kerak. His-tuyg’ularingiz jarohatlanganida bunday paytda haqiqiy do`stdan kutiladigan rahmdillik bilan o`zingizga muomalada bo`ling. Biz o`zimizdagi nosog’lom psixologik odatlarimizni tushunib yetib, ularni o`zgartirishimiz lozim. Bularning orasida eng nosog’lomi va eng keng tarqalgani bu “kavsh qaytarish” (ruminatsiya)dir. Bu ma’nodagi “kavsh qaytarish” salbiy bir narsa haqida qayta-qayta o`ylayveradigan, “chaynayveradigan” holatga tushib qolish deganidir. Masalan, boshlig’ingiz sizga baqirganida, domlangiz sizni butun sinf oldida “esi past”ga chiqarib qo`yganida yoki o`rtog’ingiz bilan urushganingizda, mana shu sahna hech aqlingizdan ketmay, bir necha kunlar, ba’zan haftalar davomida ko`z oldingizga qayta-qayta kelaveradi. Noxush holatlar haqidagi o`y-fikrlaringizni mana shunday usulda “chaynayverishingiz” alaloqibatda buni odatga aylanishiga sababchi bo`lishi va bu sizga juda ham qimmatga tushishi mumkin. Chunki noxush va salbiy holatlar ustida o`ylanishga qancha ko`p vaqt sarflaganingiz sari siz klinik depressiya, ichkilikbozlik, ovqatlanish tartibining buzilishi va xatto yurak kasalliklariga chalinish xavfini shuncha ko`paytirasiz.

Muammo shundaki, ruminatsiyaga intilish juda kuchli va muhimdek tuyulishi mumkin. Shuning uchun bu odatni to`xtatish oson emas. Men buni aniq bilaman, chunki bir yilcha avval bu odat mening o`zimda shakllandi. Ukamga “Nexodjkinskiye limfomы (NXL)” saraton (rak) kasalligining III bosqichi tashxisi qo`yildi. Uning kasalligi jiddiy sur’atda rivojlanib borayotgan edi. Xatto badanida ko`zga tashlanadigan darajadagi o`smalar paydo bo`lgan edi. Og’ir kimyoterapiya kursini olishiga to`g’ri keldi. Ukam boshidan nimalarni o`tkazayotganini tasavvur qilolmayotgandim. Aqalli bir marta bo`lsa ham o`z holidan shikoyat qilmagan bo`lsa-da, uning qanchalik azob chekayotgani haqida o`ylashdan o`zimni to`xtatolmayotgan edim. U esa nihoyatda ijobiy munosabatda edi. Uning psixologik sog’lig’i hayratlanarli darajada edi. Men jismonan sog’lom bo`lsam ham, ruhan ado bo`lgan edim. Lekin nima qilish kerakligini bilar edim. Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, ruminatsiya (“chaynayverish”) istagining oldini olish va uni yengishda ikki daqiqalik bo`lsin e’tiborni boshqa ijobiy narsaga qaratish kifoya qilar ekan. Shuning uchun har safar xavotirga yoki tushkunlikka tushganimda, salbiy fikrlar ta’sirida qolganimda ana shu istak o`tib ketgunga qadar men diqqatimni boshqa narsaga qaratishga o`zimni majburlar edim. Bir hafta ichida mening tashqi dunyoga bo`lgan munosabatim, butun qarashlarim o`zgardi, yanada ijobiy va umidvor holga keldim. Kimyoterapiyadan to`qqiz hafta o`tgach ukam kompyuter tomografiyasidan o`tdi. Natijalar chiqqanida men uning yonida bo`ldim. Barcha o`smalar yo`qolgan edi. Hali yana uch kurs kimyoterapiya olishi kerak bo`lsa ham, ammo endi uning sog’ayishini bilar edik.

Yolg’izlikda tegishli choralarni ko`rish, muvaffaqiyatsizlikka nisbatan munosabatingizni o`zgartirish, o`zingizga bo`lgan hurmatni himoya qilish, salbiy o`y-fikrlarga qarshi kurashish orqali siz nafaqat psixologik jarohatlaringizni davolaysiz, balki ruhiy barqarorlikka ham erishasiz, yayrab-yashnaysiz. Yuz yil avval odamlar shaxsiy gigiyenaga amal qilishni boshlashdi va atigi bir necha o`n yil ichida umr ko`rish davomiyligi 50% dan ko`proqqa oshdi. Aminmanki, agar barchamiz aql va hissiy gigiyenaga amal qilishni boshlasak, hayotimiz va turmush darajamiz ham xuddi umrimizning davomiyligi kabi yuksaladi.

Har birimiz psixologik jihatdan yanada sog’lom va bardam bo`lgan dunyoning qanday bo`lishini tasavvur qila olasizmi? Kamroq yolg’izlik va kamroq depressiya bo`lsa. Odamlar muvaffaqiyatsizlikni qanday qilib yengib o`tishni bilsa. O`zlarini yanada yaxshi va kuchli his qilsalar. Yanada baxtli va hayotdan mamnun bo`lsalar. Men buni tasavvur qila olaman, chunki men mana shunday olamda yashashni istayman. Ukam ham yashamoqchi bo`lgan dunyo mana shunday. Agar siz ham mana shulardan xabardor bo`lib, bir necha oddiy odatlaringizni isloh qilib, o`zgartira olsangiz, bu olam hammamiz yashay oladigan dunyo bo`ladi.

Psixolog Guy Winch’ning “Why we all need to practice emotional first aid” nomli taqdimotining erkin tarjimasi.