Mamlakatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligiga bu yil 33 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan NavDU “Fizika-texnologiya” fakultetida davra suhbatlari va turli tadbirlar tashkil etildi. “18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun! Bu kun O‘zbekiston mustaqilligi, birligi va madaniy merosini aks ettiruvchi milliy o‘zlikni anglash bayramining ramzi hisoblanadi. Davlatimiz bayrog‘i respublikamizda suverenitetga intilish va g‘ururni o‘zida mujassam etgan, barcha fuqarolar qalbini birlashtirgan bayroqdir. Bayrog‘imiz jonajon o‘lkamiz dunyoda xalqaro hamjamiyatning tenglar ichra teng a’zosi ekanligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi. U bizning g‘olibligimiz, hech kimdan kam emasligimiz va aslo kam bo‘lmasligimizni yaqqol namoyon qiladi. Demakki, bayrog‘imiz bizning g‘urur, iftixorimizdir. Uni e’zozlash esa fuqarolarda o‘zining qadr-qimmatiga, o‘z mamlakatiga va shaxsiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Bayrog‘imizda yurtimizning, xalqimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolat beruvchi ramziy timsollar mujassam. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik.