Navoiy viloyati “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi tomonidan atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g’li tavalludining 200 yilligi munosabati bilan “Adabiyot osmoninig zevari” nomli adabiy-badiiy tadbir o‘tkazildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyul kuni imzolangan “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g’li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g’risida” gi PQ-258-son Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda Qoraqalpog’iston Respublikasidan adabiyotshunos olimlar: Quvanisbay O‘razimbetov, Adilbek Seyitbekov, Qo‘chqarbay Matimovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi raisi B. Sadriddinov “Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g’lining o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni” mavzusida o‘z mulohazalarini bayon etdi. Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir, professor Baxtiyar Genjemuratov esa Ajiniyoz siymosiga bag’ishlangan she’rlaridan namunalar o‘qib berdi. Tadbirda Ajiniyoz hayoti va ijodini yoritib beruvchi sahnaviy ko‘rinishlar, xalq mulkiga aylanib ketgan qo‘shiqlar va milliy raqslar o‘zgacha fayz kiritdi.
Ushbu badiiy kechani tayyorlashda faollik va fidoyilik ko‘rsatganlarga mehmonlar tomonidan chuqur minnatdorlik bildirildi. Fakultetda tahsil olayotgan Qoraqalpoq tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi talabalarining bunda faol ishtiroki alohida qayd etildi.