Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muxiddin Kalonov rahbarligida prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari hamda O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida yig’ilish o‘tkazildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan birinchi masala — Muhtaram Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi chog’ida 2025-yilni Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon etilganligi munosabati bilan yil davomida bu borada qilinajak ishlar konsepsiyasini tayyorlash hamda Yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan asosiy ko‘rsatkichlar universitet jamoasiga yetkazildi. Shuningdek yig’ilishda Navoiy davlat universiteti maqomiga mos huquqiy, moddiy-texnik va kadrlar salohiyatiga xos bazani shakllantirish, universitetning barcha huquqiy normativ hujjatlarini yangi tizimga moslashtirish, NavDU barcha binolarining qishki mavsumga tayyorgarlik xolati muhokama qilindi.
Navoiy viloyatida barpo etilajak Navoiy siymosi, hayoti va ijodiga taalluqli madaniy qurilish inshootlari loyihasi haqida so‘z bordi. Yoshlar tarbiyasida Navoiy ijodi haqida ma’lumot berishda yangicha yondashuv — sun’iy intellekt, axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Navoiy ijodi xalqimizning buyuk ma’naviy merosi ekanligi, uni o‘rganish va o‘rgatishga hamma birdek mas’ul ekanligi alohida ta’kidlandi.
Yig’ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.