Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Muxiddin Kalonov oʻquv yilining birinchi kunida talabalarga “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” mavzusida mustaqillik darsini oʻtdi.
Rektor nutqida soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim tizimida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, 33 yillik tariximiz davomida qoʼlga kiritilgan yutuqlar, Prezidentimiz rahbarligida xalqning farovon hayotini taʼminlashda olib borilayotgan keng koʼlamli islohotlar toʼgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berdi.
Shuningdek, bugungi kunda mustaqil Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, xalqaro maydondagi oʻrni va mamlakatimizning yanada ravnaq topishida yoshlarning oʻrniga alohida eʼtibor qaratdi.
Dars davomida rektor mustaqillikni mustahkamlash va saqlab qolishning har bir fuqaro uchun qanday masʼuliyat ekanligini chuqur ochib berdi. Talabalarga Vatan oldidagi burchlari, ilm-fanga intilish va milliy qadriyatlarni hurmat qilish kabi tamoyillarni oʻz hayotlarida bosh mezon qilib olishlari zarurligini tushuntirdi.
Rektor Muxiddin Kalonovning soʻzlari talabalarga katta ilhom bagʻishlab, ularda oʻz kuchiga boʻlgan ishonch va kelajakda katta maqsadlar sari intilish ruhini uygʻotdi. Talabalar mustaqillik darsi orqali Vatan ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshish, ilmiy va amaliy bilimlarni egallash yoʻlida yangi gʻayrat bilan harakat qilishga chorlandi. Mustaqillik darsida keltirilgan mazmunli va dolzarb fikrlar talabalarning ongida chuqur iz qoldirdi va ularni yangi oʻquv yilida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga undadi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.