Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi doirasida Navoiy davlat pedagogika instituti va Oʻsh davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hamkorlik memorandumiga asosan, endilikda oliygohlar oʻrtasida professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, ilmiy tadqiqotchilar amaliyotini tashkil qilish, ilmiy loyihalar, simpoziumlar, anjumanlar oʻtkazib, taʼlim muassasalari vakillarini ishtirokini taʼminlash, birgalikda maʼnaviy-maʼrifiy hamda sport tadbirlarini uyushtirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish kabi masalalar amalga oshiriladi.
Qayd etilganidek, O‘sh davlat universitetida 72 ta mutaxassislik boʻyicha 28 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bugungi kunda universitetda 15 fakultet, 3 ta oʻquv instituti, 3 ta kollej, 2 litsey, 1 ta bolalar bogʻchasi, aspirantura, ordinatura va magistratura boʻlimlari mavjud. Oʻsh davlat universitetida 21 ta oʻquv binosi, 8 ta talabalar turar joyi, 2 ta tibbiyot poliklinikasi, 7 ta klinik baza, xorijlik mutaxassislar uchun mehmonxona, 5 ta dam olish maskani va Issiqkoʻl sohilidagi pansionat mavjud.