loader image
All for Joomla All for Webmasters
info@nspi.uz
Э-почта
+998 79 225-07-32
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-71
Faks
Rektor qabulxonasi

“Har biringiz hayotda munosib oʻrningizni topishingiz uchun, biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni toʻliq ishga solamiz” – Prezident

 

Yoshlar siyosatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi hamda yoshlar bilan muloqot oʻtkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari mamlakatimizda soʻnggi yetti yil yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni isteʼdod va salohiyatini roʻyobga chiqarishda “katta sakrash davri” boʻlganini taʼkidladi.

Shu yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berildi. Birgina taʼlim kreditidan 151 ming yoshlar foydalandi. Ehtiyojmand oiladan boʻlgan yana 110 ming talabaning kontraktini toʻlashga 332 milliard soʻm ajratildi. Natijada oliy taʼlimda qamrov 9 foizdan 42 foizga, oliygohlar soni esa 77 tadan 212 taga yetdi. Bugungi kunda 110 ming oʻgʻil-qizlarimiz xorijda tahsil olmoqda. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetti yilda AQSHning “Pechak ligasi”ga kiruvchi Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi top-8 ta, Buyuk Britaniyanining “Rassell guruhi”dagi Oksford, Kembridj, Birmingem kabi 24 ta oliygohni 50 nafar yoshlarimiz bitirdi. Bu nufuzli oliygohlarda oʻqiyotgan yoshlarimiz soni esa 200 dan oshdi.

Prezident maktabi baholash tizimi 500 ta maktabda joriy qilinishi hisobiga bir yilni oʻzida bilimlarni oʻzlashtirish 53 foizdan 60 foizga oshdi. Bu yil maktablarni 14 mingdan ziyod oʻquvchi oltin va kumush medallar bilan bitirdi.

“Katta beshlik” fan olimpiadalarida qoʻlga kiritilgan medallar oxirgi toʻrt yilda 2 karra koʻpaydi. Prezident farzandlarimizni tarbiyalab, oʻqitib, mana shunday yutuqlarga erishishiga sababchi boʻlgan ota-onalar, ustoz va murabbiylarga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish doirasida oʻtgan toʻrt yilda:

– “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 13,5 trillion soʻm kredit ajratilib, 1 million yosh band boʻldi;

– “Yoshlar daftari”dan 107 ming oʻgʻil-qizlarimizga 338 milliard soʻm subsidiya berildi;

– 205 ta “Yoshlar sanoat zonasi”da 2,5 trillion soʻmlik 1,2 ming loyiha ishga tushdi.

Yaratilgan sharoitlar hisobiga, biznesini “nol”dan boshlab, hozirda aylanmasini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yoshlarimiz bor.

– Qilsa boʻlarkan-ku! Eng muhimi, yoshlarimizni yangi-yangi gʻoyalari koʻp. Ularga faqat eʼtibor va sharoit kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni karra-karra koʻpaytirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Mamlakatimiz jadal rivojlanishi uchun bizga “toʻrtinchi sanoat inqilobi” kasblari juda muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan yoshlarni fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bogʻliq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinadi.

Yangi oʻquv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan oʻquvchilar oʻsha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

Yoshlarimiz xorijiy oliygohlarda oʻqish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash boʻyicha “SAT” imtihonini topshirmoqda. Bu testlarda 75 foizdan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar chet elni eng nufuzli oliygohlariga grant yutayapti.

– Endi bunday yoshlarni oʻzimizni oliygohlarga ham grantga qabul qilamiz, – dedi Prezident.

Nogironligi boʻlgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirish yengillashadi. Jumladan, chet tili boʻyicha milliy sertifikat (CEFR) olishda qoʻlda yozish imkoniyati boʻlmaganlarga kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi. Yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarni nazariy qismida har doim yuqori natijalarga erishadi. Lekin, laboratoriya mashqlarini bajarishda amaliy koʻnikmalar kam boʻlgani uchun pastroq ball olayapti. Endi, Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik koʻradi. Endilikda oliygohlarning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uygʻunlashadi.

Texnikumning birinchi va ikkinchi yilini yaxshi oʻqigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi. Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursidan oʻqishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi.

Kasbi boʻyicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan oliygohlarga kontrakt asosida qabul qilinadi. Endi oliygoh, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi. Qaysi laboratoriyada qanday uskuna bor, ular qanday sinovlar qila oladi va qanday quvvatlarda ishlayapti, degan savolga javob boʻladi. Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak boʻlgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.

Bugungi kunda IT sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar – frilanserlar 50 mingdan oshdi. Bunday yoshlarimiz yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha eksport qilmoqda. Lekin, bizda ularni boshini qovushtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. Qoʻshilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligi taʼkidlandi. Endilikda:

– IT sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi;

– ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi;

– IT park tomonidan IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi;

– yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga oʻrgatish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan loyihalarni koʻpaytirish boʻyicha ham katta oʻzgarishlar boʻladi. Buning uchun har yili 100 million dollar ajratiladi. Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi Yoshlar agentligiga oʻtkaziladi. Eng koʻp ish oʻrni yaratgan, fidoyi yosh tadbirkorlar jamgʻarma kengashiga kiradi. Jamgʻarma rahbarini ham ushbu yoshlarni oʻzi saylaydi. Jamgʻarma, yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida koʻmaklashadi, bozorini topadi. Jamgʻarma hokimlar bilan birgalikda 14 ta tumanni tanlab, “toʻrtinchi sanoat” kasblariga oʻqitish markazi ochadi va toʻliq jihozlab beradi. Ushbu markazlar yosh tadbirkorlarga 1 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga ijaraga beriladi. Markazlarning oʻquv dasturlari xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Jamgʻarma Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quradi. Bu joylar “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan beriladi. Bunda yoshlardan birinchi yil uchun toʻlov undirilmaydi. Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinadi. Ularga IT park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. “Kreativ sanoat parklari” oliygohlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes oʻrtasida muloqot maydonchasi boʻladi. Jamgʻarma bu yerdagi yoshlarning startaplariga uch yilga 100 million soʻmgacha ssuda beradi. Ushbu yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va aylanma uchun keyinchalik 100 million soʻm imtiyozli kredit beriladi. “Kreativ sanoat parklari”ni rivojlantirish uchun bu yilni oʻzida 10 million dollar yoʻnaltiriladi. Shuningdek, 2-4-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot boʻyicha Toʻrtinchi butunjahon anjumani oʻtkaziladi. Tadbir kuniga qadar kreativ industriyani rivojlantirish boʻyicha qonun qabul qilinishi koʻzda tutilgan. Magistral yoʻllar boʻyida 50 mingta koʻchma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda, dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi. Bu yil 60 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Endilikda har bir viloyatda 2 tadan tumanda Yoshlar kooperatsiyasi tashkil qilinadi, ularga kerakli texnika, uskunalar va urugʻlik yetkazib beriladi.

Tadbirkorlar ham yoshlar uchun bunday loyiha qilaman desa, jamgʻarma ularning kredit foizini qisman qoplab beradi. Ushbu maqsadlarga ham 10 million dollar ajratiladi.

Shuningdek, dehqonchilikni yangidan boshlagan 150 ming yoshlarga tajribali fermerlar va usta dehqonlar biriktirilib, serdaromad va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga oʻrgatiladi. Mamlakatimizda qiyin ahvolga tushgan, alohida eʼtiborga muhtoj yoshlar ham bor. Shu bois, yil boshida hokimlar, vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga sharoiti ogʻir yoshlar biriktirilgani oʻz samarasini berayapti. Masalan, qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshlar muammosi hal etildi, 65 mingini bandligi taʼminlandi.

Tarbiyasi ogʻir 20 ming yoshlar jinoyat yoʻlidan qaytdi, xulq-atvori yaxshilangan 11 ming yoshlar muddatidan oldin probatsiya hisobidan chiqarildi. Alohida eʼtiborga muhtoj 1 million yoshlar sport bilan shugʻullanishni boshladi, 700 mingida sanʼatga qiziqish paydo boʻldi. Tarbiyasi ogʻir, qiyin sharoitdagi yoshlar bilan yangicha ishlash tizimi boʻladi. Jumladan, oilaviy ajrim yoqasidagi, jinoyat qilishga moyilligi bor, muntazam dars qoldiruvchi yoshlar bilan manzilli ishlanadi. Tuman hokimlari har hafta, viloyat hokimlari va vazirlar har oy kamida bir marta yoshlar bilan uchrashib, muammolariga yechim beradi. Maktab, kollej, texnikum, oliygoh sport zallari va kutubxonalari, stadion va basseynlar mahalla yoshlariga xizmat qilishini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Yoz mavsumida “Yangi Oʻzbekiston vatanparvar yoshlari” dasturi asosida 2 million yoshlar sport va vatanparvarlik tadbirlari bilan qamrab olinadi. Shuningdek, jamoaviy sport oʻyinlari, shaxmat, stol tennisi, badminton, yakka kurash, suzish boʻyicha tuman, viloyat hokimlari, vazirlar kubogi oʻtkaziladi. Mutasaddilarga mahallalarda, maktab, texnikum, oliygoh, sihatgoh va oromgohlar zallarida, parklarda kitobxonlik, sheʼrxonlik, raqs, musiqa va kino kunlarini tashkil qilish topshirildi. Har bir istirohat bogʻi, sayilgoh va xiyobonlarga bepul “vay-fay” oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.

Yaqinda boʻlib oʻtgan “Turon” teatri tanlovida 12 mingdan ziyod teatr jamoasi qatnashdi. Tanlov natijasida har bir tumanda oʻziga xos kichik teatr jamoasi shakllandi. “Turon” teatri tanlovi har yili maktab oʻquvchilari orasida oʻtkaziladigan boʻldi. Gʻolib boʻlgan oʻquvchilar Ijod maktablariga qabul qilinadi. Viloyat, tuman hokimlariga yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bogʻlarida mehnat yarmarkalarini oʻtkazish topshirildi. Bu orqali vakant oʻrinlarga kamida 150 ming yoshlarni ishga joylashtirish mumkin. Yoz oylarida “qurilish otryadlari”ni tashkil etib, 100 ming yoshlarni oylik beradigan ishlarga jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Tadbirkorlarning yoshlarni kasbga oʻqitish va ishga joylashtirish borasidagi tashabbuslari bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi. Yangi oʻquv yilidan boshlab maktab, kollej, texnikum oʻquvchilarini kasbga oʻrgatib, ish berayotgan tadbirkorlarning bu xarajatlari soliq bazasidan chegirib tashlanadi. Oʻquvchilarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi. Bundan keyin ham qizlarning taʼlim olishi, daromad topishi, sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishi taʼkidlandi.

Jumladan, ogʻir sharoitga tushib qolgan uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar, ushbu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin boʻladi. Hokimlarga ijtimoiy uylarning namunaviy loyihasini qilib, qurilishni boshlash topshirildi. Sogʻligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan taʼminlash choralari koʻriladi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratiladi.

Soʻng davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qildi. Soʻzga chiqqan yigit-qizlar bir qator taklif va tashabbuslarini ilgari surdi. Jumladan, mustaqil Oʻzbekiston temir yoʻllari tashkil topganining 30 yilligiga temir yoʻl sohasida xalqaro forum tashkil qilish, Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar yoshlari bilan ekologik masalalarni doimiy muhokama qilish maqsadida Xalqaro kengash tuzish taklif qilindi. Yurtimizda organik mahsulot yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash, “Iqtidorli yosh kadrlar” elektron platformasini ishga tushirish, “Kelajak kasblari loyihasi” doirasida til oʻrganish tartibini takomillashtirish yuzasidan fikrlar bildirildi. Shuningdek, yoshlar koʻchma “Sheʼriyat teatri”ni tashkil etib, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti asarlarining tarjimalarini xalqaro ommaga yetkazish tashabbuslari ilgari surildi. Top-100 talikka kirgan universitetlarga kirish tartiblari, grant yutish sirlari, bu oliygohlarda oʻqish uchun qanday strategiya tuzish boʻyicha yoshlarimizni oʻrgatish maqsadida oromgohlar tashkil etish va onlayn-platforma yaratish va boshqa takliflar ham bildirildi. Prezidentimiz muloqot chogʻida bildirilgan fikr va takliflarni chuqur oʻrganib, amaliyotga joriy etish yuzasidan mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.

Yigʻilish yakunida Prezidentimiz yoshlarga koʻmaklashish, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish – eng xayrli ishligini taʼkidladi.

– Har biringiz hayotda munosib oʻrningizni topishingiz uchun, biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni toʻliq ishga solamiz,
– dedi davlatimiz rahbari. Mutasaddilarga “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da yoshlarning axloqiy, intellektual, ijodiy va jismoniy rivojlanishi uchun har bir loyiha va tashabbus soʻzsiz amalga oshirilishi muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi.

Manbaa: Prezident matbuot kotibi | Sherzod Asadov