O‘z iste’dodi va mahorati, aziz mehnati bilan el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, jurnalistikamiz jonkuyarlarini 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda.
Shu o‘rinda gazeta va jurnallarimiz, tele va radio kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi dolzarb chiqishlar, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassis va ekspertlar ishtirokidagi ko‘rsatuv va eshittirishlar, tahliliy sharhlar, bahs-munozaralar sezilarli ravishda ko‘payganini ta’kidlash lozim.
Kuyunchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz o‘zlarining qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Albatta, sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Ushbu quvonchli ayyomda sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.
Izlanish va ilhom zavqi, yangi ijodiy yutuqlar sizlarga hamisha yor bo‘lsin!