2024-yilning 22-aprel kuni NDPI Ingliz tili va adabiyoti fakulteti yaqin qardosh xalqlar bilan zamonaviy ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini o’rnatish hamda ularni mustahkamlash maqsadida Qozog’iston davlati Shimkent shahrida joylashgan Markaziy Osiyo innovatsion universitetidan tashrif buyurgan ikki nafar professor-o’qituvchilarga mezbonlik qildi. Mazkur tashrifning ilk kunida ikki nafar o’qituvchi – filologiya fanlari nomzodi, dotsent Gurbanova Arzu Arifovna hamda pedagogika fanlari nomzodi Nazarova Gaziza Jaldibayevnalar NDPI Ingliz tili va adabiyoti va Ingliz tili amaliy kursi kafedralari o’qituvchilari tomonidan ehtirom va iliqlik bilan kutib olindi. Tashrif jarayonida mehmonlar NDPIning rasmiy vakillari o’quv ishlari bo’yicha prorektor G.R. Yodgorov hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor D.X. Narzikulovalar bilan uchrashishdi. Rasmiy vakillar bilan uchrashuv davomida ikkala davlatning ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy-amaliy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish va kadrlar malakasini oshirishda xorij tajribasidan foydalanib hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Ingliz tili va adabiyoti fakultetiga Qozog’istonning Markaziy Osiyo innovatsion universitetidan rasmiy tashrif bilan kelgan 2 nafar o’qituvchi – A.A. Gurbanova va G. Nazarovalar Ingliz tili va adabiyoti hamda Ingliz tili amaliy kursi kafedralarining professor-o’qituvchilari uchun joriy yilning 23-aprel kuni ilmiy-amaliy seminar tashkil etishdi. Seminar jarayonida ikkala tomon ham O’zbekiston va Qozog’iston davlatlarining ta’lim tizimida mavjud qonunlar, amalga oshirilayotgan yangi islohotlar, amaldagi davlat dasturlari hamda loyihalar bo’yicha fikr almashishdi. Bundan tashqari seminar davomida oliy ta’lim muassassalari professor-o’qituvchilari va talabalarining almashinuvi va treninglarda qatnashuvi, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo’nalishlari uchun hamkorlikda yaratiladigan yangi o’quv dasturlar, zamonaviy o’quv-metodik adabiyotlarni yaratish, ikkala hamkorlik qiluvchi ta’lim muassassalarida xorijiy ilmiy-amaliy seminar, konferensiya va simpoziumlarni tashkil etish bilan bog’liq masalalar ham muhokama qilindi.