Bugungi kunda sportchi xotin-qizlarimizning jamiyat hayotida tutgan o‘rni beqiyos. Jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilishida, davlatimiz madhiyasi baralla yangrashida ularning ham munosib hissasi bor. O‘zbekistonlik Olimpiya va Osiyo o‘yinlari g‘oliblari, jahon va qit’a chempionlari deganda ko‘z oldimizda Oksana Chusovitina, Lina Cheryazova, Iroda To‘laganova, Saida Mahmudova, Nozima Qayumova va boshqa ko‘plab opa-singillarimiz keladi. Institutimizda o‘tkazilayotgan sport musobaqalarida toblangan qizlarimiz orasidan ham ularning izdoshlari yetishib chiqadi, albatta. Navoiy davlat pedagogika institutida 9-oktabr kuni «Besh tashabbus» olimpiadasi doirasida «Voleybol» sport turi bo‘yicha qiz bolalar o’rtasida 2-bosqich o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. “Fizika-texnologiya” fakulteti voleybolchi qizlari musobaqalarda munosib ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni egallashdi. “Bugun yurtimizda biz, yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochilgan. Buning uchun yurtboshimizdan minnatdormiz. Bundan keyin ham sport maydonlarida fakultetimiz uchun jon-jahdim bilan harakat qilaman…”- dedi jamoa sardori Z.Hotamova.