Jurnalistika, televideniye va ommaviy axborot vositalarida ishlashni hohlaydigan, media makonda oʻzini munosib deb bilgan yoshlar uchun Navoiy davlat pedagogika institutida, Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Doʻstona va koʻtarinki ruhda oʻtgan mazkur uchrashuvda Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi direktori Gʻulom Sultonov, institut birinchi prorektori Xurshid Qurbonovlar ishtirok etishdi.
“Yoshlar media klubi“ga aʼzo boʻlish istagida boʻlgan talaba-yoshlarga media olamining eng qaynoq yangiliklari, xususan boshlovchilik, teleoperatorlik, montaj ustaligi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha axborotlar berildi.
Uchrashuvda Gʻ.Sultonov oʻz hayotiy va kasbiy tajribasini oʻrtoqlashib, yoshlarga tegishli koʻrsatmalar, qimmatli maslahatlarni berdi. Uchrashuv oddiy va norasmiy koʻrinishda, dildan suhbat tarzida boʻlib oʻtdi hamda ishtirokchilar jurnalistika sohasida oʻzlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilishdi.
Maʼlumot uchun, “Yoshlar media klubi“ga kasting ertaga, 16-sentyabr kuni soat 10:00da Yoshlar markazida oʻtkaziladi.
Aziz talabalar, mazkur tanlovda qatnashib, oʻz iqtidoringizni namoyon qiling!