Navoiy davlat pedagogika institutida Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti professori, adabiyotshunos olim Abdulhamid Oripovich Xolmurodov tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan “Oʻzbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalari: tadqiq, tahlil va yangicha yondashuv” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Ushbu anjumanni NavDPI rektori, professor Bahodir Sobirov ochiq deb eʼlon qilib, ustoz A.Xolmurodovning hayot va ijodiy faoliyati toʻgʻrisida samimiy fikrlarini izhor etdi. Shu bilan birga ustozga oʻzining yubiley sovgʻasini inʼom etdi.
Shuningdek, respublikamizning turli oliy taʼlim muassasalaridan tashrif buyurgan va onlayn tarzda ishtirok etgan bir guruh mehmonlar oʻzlarining iliq fikrlari bilan oʻrtoqlashib, A.Xolmurodovni 70 yoshli yubileyi bilan muborakbod etishdi. Hamkasblari, shogirdlari va oila aʼzolarining samimiy tilaklari ushbu tadbirga yanada fayz kiritdi.