QUYOSH ENERGIYASIDAN FOYDALANISH IMKONIYATLARI
(Navoiy davlat pedagogika instituti misolida)
Dunyo miqyosida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojimiz kun sayin oshib borayotganligi hammamizga ayon. Agar oxirgi besh yillikni oladigan boʻlsak, dunyo boʻyicha har yili elektr energiyaga boʻlgan ehtiyoj 50% ga oshib bormoqda. Bu esa muqobil energiya turlarini koʻpaytirish va rivojlantirishni taqozo etmoqda. Xalqaro energetika agentligi maʼlumotlariga eʼtibor qaratsak, agar Quyosh energiyasidan foydalanish shunday surʼatlarda rivojlanib borsa, 2050-yilga kelib, dunyoning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojining 25% ini Quyosh energiyasi hisobiga qondirish mumkin boʻladi va yiliga atrof-muhitga chiqariladigan karbonat angidrid gazini 6 milliard tonnaga kamaytirishga erishiladi.
Shunday ekan, bugungi kunga kelib Quyosh energiyasidan foydalanish eng maqbul va ekologik jihatdan toza energiya turi hisoblanadi. Nazariy jihatdan Quyosh energiyasi atrof muhitga nisbatan zararsiz hisoblansa-da, undan foydalanish Yer sirti albedosini oʻzgartirish ehtimolligi ham mavjud. Hozirgi kunda Quyoshdan olinayotgan energiya salmogʻi albedoni oʻzgartirish ehtimolligi yoʻq, chunki Quyosh energiyasi hisobiga isʼtemol qilinayotgan energiya miqdori juda oz.
Yer sayyoramizdan 1 astronomik uzunlik birligi uzoqlikda turgan Quyosh markazidan kelayotgan yorugʻlik oqimining nurlanishi unga perpendikulyar joylashgan 1m2 yuzaga 1360 W/m2 ga teng. Agar Quyosh nurlanishining Yer atmosferasi massasiga yutilishini inobatga olsak, u holda yorugʻlik oqimi nurlanishi dengiz sathida 1m2 yuzaga 1020 W/m2 ga teng. Oʻrtacha yorugʻlik oqimi nurlanishining sutkalik qiymati taxminan 3-martacha kam boʻladi, bunda kecha va kunduzning almashinuvi hamda Quyoshning gorizontga nisbatan burchak oʻzgarishlari sabab boʻladi. Oʻzbekiston sharoitida bir yilga taxminan 270 kun Quyoshli boʻladi va bu quyoshli kunlar taxminan 8÷10 soatcha davom etishini inobatga olsak, Quyosh energiyasidan maksimal darajada foydalanish imkoniyatlarimiz bor. Dunyoda rivojlanishning bugungi bosqichida energiyaga boʻlgan talabning ortishi, energiya narxlarining doimiy oshib borishi tufayli zamonaviy, ekologik toza, energiya tejamkor texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiyalardan foydalangan holda yashil energetika rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega.
Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida yurtimizda “yashil” energetikani rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Buni inobatga olgan mamlakatimiz hukumati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga Quyosh panellarini oʻrnatish taklifini hamda uni jadallashtirish uchun koʻmak bermoqda. Koʻplab imtiyoz va subsidiyalar ajratilmoqda. Shuningdek, ortiqcha ishlab chiqarilgan energiya davlat tomonidan yuqori narxlarda sotib olish ishlari ham yoʻlga qoʻyilgan. Bunday imkoniyatlardan Navoiy davlat pedagogika instituti ham foydalanib, 2022-yilning oxirigacha institut binolarida 350 kW lik Quyosh panellarini oʻrnatdi. 1 kW lik Quyosh panellari 5÷6 m2-maydonni egallashini inobatga olsak, 2000 m2 dan ziyod maydonlarda Quyosh panellari oʻrnatildi.
350 kW lik Quyosh panellari 2023-yilning yanvar oyida 32000 kW·soat elektr energiyasini ishlab chiqardi. Institut boʻyicha 2023-yil yanvar oyida isʼtemol qilingan elektr energiyasi 44000 kW·soat ni tashkil etdi va 75% ga yaqin elektr energiyasining isteʼmoli Quyosh panellari hisobiga qoplandi. Bu belgilangan meʼyordan ancha kam. Bunga asosiy sabab, qishda Quyoshli kunlarning kamligi hisoblanadi. Shuningdek, 2 haftalik talabalar taʼtilini inobatga oladigan boʻlsak, isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori ham oz. Agar oʻtgan 2022-yilda institut boʻyicha 1 million 20 ming kW·soat elektr energiyasi isteʼmol qilinganini inobatga olsak, institut boʻyicha yana qoʻshimcha ravishda 100 kW.lik Quyosh panellari oʻrnatish zarur boʻladi.
Hozirda zavodlarda ishlab chiqarilayotgan Quyosh panellariga berilayotgan 25 yillik kafolat muddatlarini eʼtiborga olganda, bu yoʻnalishda elektr energiyasi olish ekologik jihatdan zararsizligi bilan birgalikda yetarlicha istiqbolli ham hisoblaniladi va bu boradagi ishlarni yanada jonlantirish zarur boʻladi. Buning uchun avvalo, keng omma orasiga keng tushuntirish va afzalliklari haqidagi targʻibot-tashviqot ishlari olib borishni yoʻlga qoʻyishimiz zarur boʻladi.
Quyidagi jadvalda Quyosh panellari haqidagi maʼlumotlar keltirilgan:
№ | Quyosh paneli quvvati | Quyosh panelining egallagan maydoni, (m2) larda | Yillik ishlab chiqaradigan elektr energiyasi prognozi |
1 | 5 kW· soat | 30÷60 | 7500÷12500 |
2 | 10 kW· soat | 60÷120 | 15000÷25000 |
3 | 20 kW· soat | 120÷240 | 30000÷50000 |
4 | 30 kW· soat | 180÷360 | 45000÷75000 |
5 | 40 kW· soat | 240÷480 | 60000÷100000 |
6 | 50 kW· soat | 300÷600 | 75000÷125000 |
7 | 100 kW· soat | 600÷1200 | 150000÷25000 |
8 | 200 kW· soat | 1200÷2400 | 300000÷500000 |
9 | 300 kW· soat | 1800÷3600 | 450000÷750000 |
10 | 400 kW· soat | 2400÷4800 | 6000000÷1000000 |
Shunda Quyosh panellarining yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 1,1 million kW·soat ga teng boʻlishini eʼtiborga olsak, u holda institutning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji toʻla Quyosh panellarida olingan energiya hisobiga qoplanadi.
Kamolov I.R. – Fizika va astronomiya kafedrasi professori