Avval xabar qilganimizdek, Navoiy davlat pedagogika institutida mahalliy davlat hokimiyati rahbar xodimlarining jamoa bilan ishlash va liderlik koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida jismoniy, aqliy va mantiqiy mashqlarga boy boʻlgan trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Davlat boshqaruvi akademiyasining malakali professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilgan treninglar davomida jamoaga rahbarlik qilish bu masʼuliyatni boʻyinga ola bilish ekanligiga alohida eʼtibor qaratilib, qiyin vaziyatlarda, deylik, raqobat kuchli muhitda boshqaruv, tashkilotchilik va oʻzaro munosabatlarni qurishning muhim jihatlari tahlil etildi.
Interfaol oʻyinlar, maxsus mashqlar orqali ishtirokchilarning ijodiy imkoniyatlarini ochish, ularni namoyon etishga harakat qilindi.
Trening davomida samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish, shaxsiy samaradorlikni oshirish kabi bugungi kun rahbarlari uchun zarur koʻnikmalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.