Maʼlumki, Navoiy davlat pedagogika instituti viloyatdagi oʻqituvchi-pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti boʻlib, xususan, xalq taʼlimi, oʻrta-maxsus kasb-hunar taʼlimi, madaniyat, sport, maktabgacha taʼlim tizimi va Oliy taʼlim muassasalari uchun malakali mutaxassis hamda ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydigan oʻziga xos ilmiy markaz vazifasini oʻtaydi.
Bugun oʻtkazilgan mazkur seminarda NavDPI rektori, professor Bahodir Sobirov, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Marat Shamuratov, Maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshlig’i Oʻtkir Tillayev, institut boʻlim va boshqarma boshliqlari, fakultet dekanlari, professor-oʻqituvchilari, tyutorlari, maktab direktorlari, maktabgacha taʼlim muassasalari mudiralari hamda onlayn tarzda tuman va shahar xalq taʼlimi boʻlimlarining masʼullari ishtirok etdilar.
Seminar davomida institutning 2-3 va 4-bosqichida oʻqiyotgan talabalarni “4+2” tizimi asosida amaliyot oʻtashini tashkil etish, boʻlajak pedagoglarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirishga oid muhim vazifalar haqida fikrlar almashildi.
Shuningdek, talabalarning amaliyot oʻtashini sifatli tashkil etish hamda talabalar uchun maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida zarur sharoitlar yaratish boʻyicha istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.