OʼZBEK VA QORAQALPOQ MILLATI — BIR QUSHNING IKKI QANOTI
Biron bir xalq yoʼqki oʼz qobigʼida, oʼz-oʼzicha rivojlanmaydi, rivojlana olmaydi ham. Har bir xalq boshqa xalqlarning yutuqlari, tajribalarini oʼzlashtirgan va rivojlantirgan holda yuksalajak. Qoraqalpoq va oʼzbek xalqlarining tarixi bir-biriga et va tirnoq kabi bogʼlanganidek, bu ikki qon-qardosh xalqning oʼzaro yaqinligi asrlarga tatigulikdir. Oʼzbek xalqining tarixi qoraqalpoq xalqi tomonidan qanchalik sevib oʼqilsa, qoraqalpoq xalqi tarixi ham oʼzbek xalqi tomonidan sevilib oʼqiladi. Bu ikki xalq oʼrtasidagi uzviy aloqadorlik, ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda yana ham mustahkamlandi.
Shu oʼrinda, men qoraqalpoq birodarlarimiz va qardoshlarimizga hamda suyukli boʼlgan talaba-yoshlarga murojaat qilmoqchiman. Аziz talaba-yoshlar! Bir narsani har on yodda tutingki, oʼzbek va qoraqalpoq millati doimo qon-qarindoshlik, quda-andachilik, doʼst-birodarlik ruhida tarbiyalanib, bir zaminda bahamjihat, tinch-totuv va inoq yashab kelishgan. Va bundan keyin ham shunday boʼlib qoladi. Bu – faqat siz-u bizga bogʼliqdir.
Siz yoshlardan kengroq fikrlashni, aql bilan oʼylab, teranroq mushohada qilishni soʼrab qolaman. Ishonamanki, hozirgi vaqtda sodir boʼlayotgan turli xil yot gʼoyalarga aldanib qolmaysiz. Unutmang, biz – bir zaminda tugʼilib, bir buloqdan suv ichib, maqsadlari, niyatlari ezgulik bilan sugʼorilgan dini bir, iymoni bir qondoshlarmiz.
Bizning yurtdoshlik burchimiz esa qoʼlni qoʼlga berib, yelkama-elka shahdam qadam tashlab, ona-yurt ravnaqi yoʼlida sobit turmoqlikdir. Zero, oʼzbek va qoraqalpoq millati misoli bir qushning ikki qanotidir: ikkala qanot bir boʼlib parvoz qilsagina, koʼzlangan marra tomon, albatta, yetib boriladi.
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Sobirov Bahodir Boypoʼlatovich