Ajdodlar ruhiga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir. O’zbek xalqi vatani, xalqining farovonligi, tinchligi yo’lida jonini fido etgan farzandlarini hech qachon unutgan emas. Inson aziz va mukarram ekan, uning yoshi ham, qarisi ham, ayoli ham, erkagi ham barobar qadr-qimmatga egadir. Xotira va qadrlash tushunchasi chuqur ma’noga egadir. Insoniyat ikkinchi jahon urushida qatnashgan, o’sha ayovsiz jangu-jadalda qahramonlarcha halok bo’lganlar xotirasini aslo unutmaydi.
9 may – “Xotira va qadrlash kuni” mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug’. O’tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. Binobarin, xotira bu – unutmaslik, deganidir. Sana munosabati bilan NavDPI «Fizika va texnologik ta’lim» fakultetida turli tadbirlar o’tkazib kelinmoqda. Uchrashuvlarda yoshlar, nishonlayotgan bayramimiz shunday bir kun, u shu yurtda yashayotgan har qaysi oila, har qaysi xonadon uchun bevosita daxldor bo’lganligi, ularning hayotida qandaydir chuqur iz qoldirgan tarixiy sana ekanligi to’g’risida so’z yuritdilar. Inson – hayot gultoji. Uning qadri, hurmati har doim e’zozga loyiq. Xalqimizga xos xislatlar haqida aytadigan bo’lsak, albatta, qadr-qimmat, mehr-oqibat kabi fazilatlar tilga olinadi. Keksalarni ardoqlash, ko’makka muhtojlarning hurmatini joyiga qo’yish qon-qonimizga singib ketgan fazilat. Ayniqsa, o’tganlarni xotirlash, aziz otaxon-u onaxonlarning duosini olish saodati o’zgachadir.