Navoiy davlat pedagogika instituti va Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumga koʻra, endilikda oliy taʼlim muassasasida talabalar ishtirokida Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzolari, taniqli jurnalistlar hamda yosh ijodkorlarni jalb etgan holda ijodiy uchrashuvlar hamda kitob taqdimotlari muntazam ravishda oʻtkaziladi. Bundan tashqari, jurnalistikaga qiziquvchi yoshlar uchun televideniya, radio, gazeta va internet jurnalistikasi yoʻnalishlarida, shuningdek bugungi global davrda axborot bilan ishlash, faktlarni tahlil qilish (“faktcheking”) koʻnikmalariga ega boʻlish borasida seminar-treninglar ham tashkil etiladi.
Memorandum doirasidagi tadbirlar joriy oʻquv yilini qamrab olgan boʻlib, endilikda har oʻquv yilida NDPI va uyushma oʻrtasida xuddi shunday hamkorlikdagi vazifalar belgilab olinishi koʻzda tutildi.