1977-yildan buyon dunyoda an’anaviy tarzda 18 may “Xalqaro muzeylar kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu haqda “Xalqaro muzeylar maslahati” (International Council of Museums, ICOM) tashkilotining 1977-yildagi yig’ilishida qaror qabul qilingan. Har yili ushbu bayram muzeylar faoliyatiga bag’ishlangan o’zining ma’lum bir mavzusiga ega bo’ladi.
Muzeylar bu ajdodlarimizdan bizga meros bo’lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina bo’lib, u yillar davomida boyib, to’lib boradi.
Muzeylar faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo’lib qolmasdan, ular bizni o’tmish sayohatiga chorlovchi yo’lchi yulduz hamdir. O’zbekiston muzeylari esa 130 yillik tarixga ega. Mamlakat miqyosida muntazam faoliyat yuritayotgan 1200 dan ziyod turli yo’nalish va soha muzeylari tashrif buyuruvchilarni mamnun qilib kelmoqda. Muzeylar ma’nan boyib, muntazam kengayib boradi. SHu boisdan har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, an’analar hamda qadimiy yodgorliklarni o’rganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Bu borada esa muzeylarning o’rni beqiyos. Chunki ular uzoq o’tmish meros bo’lib kelayotgan madaniyat, ma’rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig’indisi bo’lib, amaldagi qonun-qoidaga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.
Shu munosabat bilan Navoiy davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi Qatag’on qurbonlari xotirasi muzeyi rahbariyati va xodimlarini bugungi «Xalqaro muzeylar kuni» bilan institut jamoasi nomidan qizg’in tabriklaymiz!