loader image
All for Joomla All for Webmasters
info@nspi.uz
Э-почта
+998 79 225-07-32
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-71
Faks
Rektor qabulxonasi

1-IYULDAN SHAHAR-TUMANLARDA AHOLINI RO‘YXATGA OLISH BO‘LIMLARI ISH BOSHLADI

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrida e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qaroriga muvofiq joriy yilning 1-iyul sanasidan shahar, tumanlarda ro‘yxatga olish bo‘limlari tashkil etildi.

Respublikamizda 2023-yilning 1-25-noyabr kunlari aholini ro‘yxatga olish tadbiri amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, uch bosqichli jarayonlarning birinchi navbatdagi tadbirlari qaror e’lon qilingan yildanoq boshlangan. Xususan, Navoiy viloyati misolida ta’kidlaydigan bo‘lsak, viloyat statistika boshqarmasida maxsus bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yilib, shahar va tumanlar bilan birga aholini ro‘yxatga olish masalasida hududda jami 25 nafar mutaxassis ish yuritmoqda.

Shu vaqtga qadar statistika idoralari hamda tegishli organlar bilan hamkorlikda aholi punktlarining manzilli ro‘yxatlari ham tuzilib, birlamchi sxematik xaritalar yaratildi. Bundan tashqari ko‘chalar to‘liq nomlanib, xonadonlar raqamlashtirildi. Ayni vaqtda esa aholiga tushuntirish va targ’ibot ishlari jadal davom etmoqda.

Aholini ro‘yxatga olish tadbiri davomida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi. SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Shu bilan birga, aholi soni va uning tarkibini hisoblashda bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditasiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar hisobga olinmaydi.

Aholini ro‘yxatga olish tadbiri davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan shaxslarning xavfsizligini, jinoyatchilik ko‘p uchraydigan hududlar va tarbiyasi og’ir ilalar ro‘yxatlari shakllantirilishini, o‘z xodimlarining ro‘yxatga oluvchi xodimlar bilan birgalikda ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok etishini, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini, fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydi.

Madina Yuldasheva,

Viloyat statistika boshqarmasi ro‘yxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘limi boshlig’i.