loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

NOBEL MUKOFOTINI OLGAN RADIO IXTIROCHISI

XIX asr birinchi choragi yutug‘i bo‘lgan eletromagnit telegraf elektr aloqasi tarixida muhim kashfiyot bo‘ldi. U 80-yillarda akustik aloqa – telefonning vujudga kelishiga olib keldi.

Biz bugungi maqolamizda elektromagnit to‘lqinlari kashfiyoti va bu borada olib borilgan ilmiy izlanishlar haqida fikr yuritib, sohaning mashhur olimlari hayoti va ilmiy faoliyatiga alohida to‘xtalamiz.

Nemis olimi Genrix Gers ayni sohaning peshqadam olimlaridan biri bo‘lgan. U elektromagnit to‘lqinlari mavjud ekanini tasdiqlaydigan tajribalarini 1886-1889 yillari amalga oshiradi hamda tajribalar davomida organizmining o‘ta zo‘riqishi oqibatida ko‘p o‘tmay ko‘rish, so‘ngra eshitish qobiliyatini yuqotadi va nihoyat qon zaharlanishi oqibatida 37 yoshida vafot etadi.

Uning mashaqqatli mehnatlari Maksvell o‘z formulalari asosida bashorat qilgan elektromagnit to‘lqinlarining mavjudligi xaqidagi xulosalarni tasdiqlaydi va Gersning nomini insoniyat tarixiga oltin harflar bilan abadiylashtirib quyadi. Gers tasdiqlagan eksperimental natijalar ko‘plab olim va ixtirochilarni ruhlantirib, XIX asr oxirlarida sim­siz aloqaning vujudga kelishi uchun eng qulay shart-sharoit yaratiladi.

A.Ganiev va boshqalar muallifligida 2007 yili nashrdan chiqqan «Fizika» kitobining 5-betida A. Popov radioni G.Gers tajribalaridan avval kashf qilgandek yozilgan. Unda Italiya olimi Markoni umuman tilga olinmagan. Vaholanki, A.Popovning vatandoshlaridan tashqari dunyo olimlarining ko‘pi Italiya olimi G.Markoni radio kashfiyotchisi deb biladi va bunga ularning to‘la asosi bor. Markoni 1937 yili va­fot etganida jahonda mavjud bo‘lgan barcha radiostansiyalar 2 daqiqa davomida o‘z eshittirishlarini to‘xtatib, ulug‘ inson hurmatini bajo keltirishgan. Markoni o‘zi kim va nima ishlar qilgan ediki, butun jahonda bunday hurmatga sazovor bo‘lgan?

Injener-elektrik va kashfiyotchi Gulelmo Markoni 1874 yilning 25 aprelida Bolonyada (Italiya) tug‘ilgan. U er-suv egasi Juzeppe Markonining irlandiyalik Anni Jeymson bilan bo‘lgan nikohidan tug‘ilgan ikkinchi farzand edi. Anni Jeymson mashhur fabrikachi Endryu Jeymsonning qizi bo‘lib, ushbu familiyani Shotland viskisi etiketkalarida hozir ham ko‘rish mumkin. Livernodagi texnika o‘quv yurtiga kirgunicha Markoni Bolonya va Florensiyada uy o‘qituvchilaridan, xususan, liverno­lik professor Vinchenso Rozadan ta’lim oladi. 19 yoshida u fizikaga qiziqib, Bolon universitetida (u erda qachonlardir Dante, Petrarka, Kopernik, Galvani o‘qishgan) professor Augusta Rigining qator ma’ruzalariga qatnashib yuradi. Rigi Gers tajribalariga birinchi e’tibor bergan inson edi. Mar­koni ushbu ma’ruzalarda, ayniqsa, Klark Maksvell, Genrix Gers, Eduard Branli, Oliver Loja va Augusto Rigining elektr bo‘yicha bajargan izlanishlari natijalari haqidagi mavzularga ko‘proq qiziqardi. U 19 yoshida o‘zi mustaqil ravishda Volt ustunini yasab, Faradey tajribalarini takrorlaydi va Morze kodini yodlab oladi.

Markoni 1894 yili Gers tajribalari asosida ikki zaryadlangan metall shar oralig‘ida chaqnayotgan elektr uchqunlari davriy tebranishlarni hosil qilishi haqidagi taj- ribalar yozilgan maqola bilan tanishib qoladi. Shunda ushbu to‘lqinlardan foydalanib axborotlarni uzoq masofalarga simsiz uzatish g‘oyasi tug‘iladi. Hayoti oxirlaridagi esdaliklarida Markoni “Atlantika okeanining narigi qirg‘og‘idan signallar olishni o‘sha paytlardayoq oldimga maqsad qilib qo‘ygan edim”, deydi. U Rigidan maslahat olib,  Gers vibratori va Branli kogereridan (to‘lqinlarni elektr tokiga aylantiruvchi Gers to‘lqinlar detektori) foydalangan holda 20 yoshida otasining Grifon villasi tomida tajriba o‘tkazishni boshlaydi.

Rigi Gers to‘lqinlari (elektromagnit) haqida eshitar-eshitmas, Markoniga tajribalarni o‘tkazishda shoshilmasdan, avval nazariyani chuqur o‘rganish kerakligini ta’kidlaydi. Lekin ko‘p o‘tmay Markoni simsiz aloqani yaqin masofaga (villa tomi o‘lchamlari kattaligida), keyinchalik esa uzoq va yanayam uzoqroq masofalarga bera boshlaydi. U 1894 yilning qishini ko‘pincha ovqatlanish va dam olishni yodidan chiqargan holda tajribalar o‘tkazishga bag‘ishlaydi. 1895 yilning bahorida Markonining “izlanish markazi” villa tomidan bog‘iga tushadi. U otasining er-mulkida joylashgan ko‘lmakning narigi tomonida  joylashgan elektr qo‘ng‘irog‘iga signal uzatishga erishadi. U o‘z qurilmasida boshqa ixtirochilarning asbob-anjomlarini (masalan, kogerer) takomillashtirib borish natijasida signalni 5 milya masofaga uzatishga erishadi (signalni birinchi uzatishda erishgan masofasi 40 sm dan oshmagan). Ushbu natijaga erishish uchun u telegraf kalitini uzatkich zanjiriga ulaydi,  vibratorni esa erga ulab, uning bir simini erdan ancha balandga joylashtirilgan metall plastinkaga tutashtiradi.

Otasi uning bu izlanishlarini ma’qullamaydi va takomillashayotgan qurilmaning qimmatbaxo uskunalarini sotib olish uchun mablag‘ bermaydi. Markoni o‘sha paytlarda tajriba o‘tkazish uchun qurilmalar harajatlarini o‘zining kiyimlarini sotish orqali qoplashga majbur bo‘lgan. Shu yili sentyabr oyining oxirlarida signal etkazuvchi to‘lqinlar to‘siq bo‘lib turgan tepalikni ham oshib o‘tadi. Bu tarix uchun unutilmas voqea bo‘ladi. Chunki shu voqea bilan Gulelmo Markoni radioni ixtiro qilgan edi. Ammo Italiya hukumati Markoni tajribalariga qiziqish bildirmaydi. U o‘z ixtirosini Italiya pochta va telegraf vazirligiga taklif etgan, lekin ular kashfiyotchini tushunishni istashmaydi.

Shundan so‘ng Markoni 1896 yili Angliyaga jo‘nab ketadi.  Biroq  Angliyaga kirishda bojxona xodimlari Markonining qurilmasini buzib, sindirib tashlashadi. Lekin u tushkunlikka tushmay, tezlik bilan qurilmasini qaytadan yig‘ishga va Londondagi bosh pochta binosida uni namoyish etib, ushbu bino tomidan Morze alifbosidan foydalangan holda 2 milya masofada joylashgan boshqa binoga signal yuborishga erishadi hamda pochta muassasasi hamda xarbiy flot boshqarmasini qiziqtira oladi.

Ular ixtironi foydali deb topishib, Markonining ixtiyoriga butun boshli laboratoriyani topshirib qo‘yishadi. Markoni shu asnoda 1896 yilning iyun oyida amakivachchasi Genri Jeyms yordamida o‘zining birinchi radiotelegrafi patentini olish uchun talabnomani tuzadi va 1897 yilning 2 iyulida “Elektr impulslari va signallarini uzatish va buzish uchun qurilmalarni takomillashtirish” patentini olishga erishadi.  Shu kezlari Italiya hukumati uni harbiy xizmatga chorlab qoladi. Markoni Italiyaning Angliyadagi elchixonasi qoshidagi   harbiy  dengiz flotida o‘quv   yurti tinglovchisi sifatida xizmat qilib,  o‘z izlanishlarini shijoat bilan davom ettiradi hamda  Bristol qo‘ltig‘i ustidan  9 milya masofaga signal uzatishga erishadi. Shu yilning iyul oyida Markoni va uning bir necha xodimlari  “Simsiz te­legraf va signallar kompaniyasi”ni tuzishadi. Ushbu kompa­niya Angliya qirg‘oqlari bo‘ylab suzib yuruvchi kemalar hamda er usti mayoqlariga o‘z qurilmalarini joylashtirish bilan shug‘ullanadi. Markoni izlanishlari davomida signallarni uzatish uzoqligi antenalarning soni va uzunligiga bog‘liq ekanini aniqlaydi.

JIa Manish bo‘g‘ozi orqali 28 milya masofaga signalni uzatish uchun u har birining balandligi 150 futli antennalar tupidan foydalanadi. Tajribalar o‘tkazish bilan bir qatorda Markoni olimlar, jurnalistlar ishtirokida ko‘p konferensiyalar tashkil etib,   vazirlar, hatto qirol bilan uchrashishga  muyassar bo‘ladi.  1900 yilning oxirlariga kelib Markoni signallarni uza­tish uzoqligini 150 milyagacha uzaytirishni uddalagan. U 1901 yili Angliya qirg‘oqlaridagi oralig‘i 186 milya bo‘lgan joylar o‘rtasida simsiz aloqa o‘rnatgan. Shu yilning oxirida Nyu­faundlend orolida (Kanada) joylashgan Sent-Jonda turib Buyuk Britaniyadagi Kornuolladan Atlantika okeani bo‘ylab yuborilgan signalni qabul qilgan. Bu birinchi transatlantik signal bo‘lib, u 2100 milya masofani bosib o‘ttan edi. Ushbu tajriba ko‘pgina skeptik (tushkun) fiziklarning, er sirti egriligi tufayli elektromagnit to‘lqinlar 300 km dan ortiq masofaga bormaydi, degan qarashlarini chippakka chiqaradi.

1902 yili Markoni Atlantika okeani bo‘ylab Farbdan Sharqqa birinchi  simsiz signal yuboradi.  1905 yili u yo‘naltirilgan signallarni uzatish patentini oladi. 1907 yili birinchi transatlantik simsiz aloqa xizmatini ochadi. 1912 yili esa uzatilayotgan to‘lqinlar generatsiyasini vaqt bo‘yicha boshqaradigan takomillashgan uchqun sistemasi uchun patent oladi. Radioto‘lqinlarning birinchi amalda qo‘llanishi dengizda emas, balki daryoda ro‘y beradi.  1898 yili Markoni Dublinning “Deyli ekspress” gazetasiga elkanli qayiq bo‘yicha musobaqalar natijalarini o‘z qurilmasi yordamida uzatadi va shundan keyin uning kompaniyasi aksiyalari bahosi ko‘tarilib ketadi.  Keyingi yilning mart oyida Saut-Forlanddagi mayoq sayoz joyga o‘tirib qolgan kemadan “markonigramma” oladi.  Shunday qilib,  radio birinchi marotaba odamlarni xalokatdan qutqaradi.

1903 yili 50 ta kema, 1905 yili esa 80 ta kema radiouzatkichlar bilan jihozlandi. Bularning barchasi hech gapday e’tirozsiz radio edi. Tinglovchilar uchun radio davri radiosignallarni modulyasiyalaydigan vakuum trubkasi ixtiro etilganidan so‘ng boshlandi. 1906 yilning 24 dekabrida pro­fessor Rejinald Fessenning AQSHdagi uyida tarixda bi­rinchi ovozli radiouzatish ro‘y beradi.  Bunda u Rojdestvo bayrami munosabati bilan Gunoning «Ey muqaddas kun» ko‘yini skripkada o‘zi ijro etadi hamda Evangeliyaning Luka bobidan parchalar o‘qib beradi. Keyinchalik 1912 yili “Titanik” SOS signalini yuborganida radio ko‘plab odamlarni halokatdan asrab qolgan.  Markoni va nemis fizigi  M.Braunga (Markonining ixtirosini takomillashtirgani bois) 1909 yili simsiz telegrafi   rivojlantirishdagi xizmatlari  uchun  Nobel mukofoti topshiriladi.  Birinchi jahon urushi davrida Markoni qator xarbiy  missiyalarni bajarib,  Italiya harbiy-dengiz floti qo‘mondoni darajasiga etadi. U Italiya qurolli kuchlari uchun tele­graf dasturining bajarilishini boshqaradi. 1919 yili uni Parijda bo‘lib o‘tgan tinchlik konferensiyasiga  Italiyaning muxtor vakili qilib yo‘llashgan.

Olim Italiya nomidan Avs­triya va  Bolgariya bilan bo‘lgan  shartnomalarni imzolagan. Markoni o‘zining bug‘li “Elettra” yaxtasini uy, laborato­riya va ish kabinetiga aylantirib, 1921 yili qisqa to‘lqinli tijorat telegraf aloqalarining xalqaro tarmog‘ini ochadi.  Ultraqisqa to‘lqinlarni o‘rganadi va keyingi yili birinchi radiotelefon ultraqisqa to‘lqin aloqasini o‘rnatadi. 1934 yili olim ultraqisqa to‘lqin telegrafining ochik;  dengiz navigatsiyasidagi istiqbolini namoyish qiladi.

Markoni qator muvaffaqiyatlari uchun Franklin institutining Franklin medali va Londondagi qirollik san’at jamiyatining Albert medali bilan taqdirlangan. Nobel mukofoti olgan yiliyoq  Italiya qiroli uni senator qilib tayinlaydi va 1929 yili ajdoddan avlodga o‘tuvchi markiz unvoni hamda Ita­liya tojining katta xoch ordeni bilan taqdirlaydi. 1930 yili Italiya qirolligi akademiyasining prezidenti qilib saylangan Markoni umrining oxirini ushbu yurt ilm-fani rivojiga bag‘ishlab, u erda elektromagnit to‘lqinlarining tibbiyotga tatbiqi (markoniterapiya) bilan shug‘ullanadi. Albatta, Mar­koni simsiz aloqa o‘rnatish va uni takomillashtirish yo‘lida o‘zi tanho emas edi.

Radiotexnika ravnaqida Amerikaning Nyu-Jersi shahrida 1847 yili tug‘ilgan Tomas Alva Edisonning 1889 yili kashf etib, “Edison effekta” deb atalgan termoion emissiyasi va elektron emissiyasi hodisalari hamda amerikalik olimlar Flemingom bilan Lide Forestning radiolampalarni kashf qilishi ham muhim o‘rin tutgan. Elektromagnit to‘lqinlarini uzatish bo‘yicha birinchi patent Edisonga tegishlidir.

Asli nasli serblardan bo‘lgan, zamonamizning eng sirli odamlaridan biri amerikalik injener Nikola Teslagina (1856-1943) (Nobel mukofotini olishdan voz kechgan tanho olim!) o‘z ixtirolari soni bo‘yicha Edison bilan bahslashishi mumkin. Bu ikki olimning har biri 300 (3000 ga yaqin degan qarashlar ham bor) ixtiro patentiga ega bo‘lgan. Tesla va Edi­son birga ishlagan paytlari ham bo‘lib, keyinchalik ajralib ketishgan. Edisonni fanning moddiy foyda olish mumkin bo‘lgan qirralari qiziqtirsa, Teslaning e’tiborini echimi qiyin bo‘lgan muammolar tortgan.

1891 yili Tesla olis masofalarga simsiz elektr energiyasini uzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan “rezonans-transformator” deb nomlanuvchi qurilmani yasaydi (1908 yilgi Tungus fojiasini Teslaning ushbu qurilmasiga bog‘lash hali-hanuz davom etmoqda). U amplitudasi bir necha million volt kuchlanishga ega yuqori chastotali avtogenera­tor bo‘lgan. Tesla ish chastotasi va foydali signallar kattaligi bilan farqlanuvchi generatorlarning bir necha variantini  taklif qilgan. U “rezonans-transformator”da hosil bo‘luvchi elektromagnit tebranishlari orqali simsiz telegrafiya joriy qilish mumkinligini bilgan bo‘lsada, o‘z qurilmasini, bi­rinchi navbatda, simsiz aloqada  ishlatishni istamagan. Balki katta masofalarga chastotasi yuzlab kilogers bo‘lgan elektro-energiyani uzatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Tesla 1897 yilning sentyabrida xujumdagi suzuvchi qurilmani masofadan boshqarish uchun (masalan, torpedo) qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilma patentini rasmiylashtirgan.

Ko‘p o‘tmay, uni amalda namoyish ham etgan. Agar barcha ikir-chikirlari yaxshilab o‘rganib chiqilsa, radiotexnika fan sifatida  N.Teslaning izlanishlaridan so‘ng ro‘yobga chiqqanini bilish mumkin. Shu paytgacha radioqurilmalarning ulkan majmualari uchun generatorlar va to‘lqinli radiouzatkichlar ham Teslaning ilmiy qarashlariga asoslangan holda yaratilgan.

Radiotexnika taraqqiyoti va tarqalishi hamda radio ixtirosida kim birinchi bo‘lgani sud ishlarida ko‘p bora bahs qilingan, 1915 yili AQSH Federal sudi bu sohadagi hamma ishlarda Markonining birinchi ekanini e’tirof etib hukm chiqargan, lekin 1943 yili – Markoni bu olamni tark etib ketganidan 6 yil o‘tgach, AQSH Oliy sudi Markonining ko‘pgina asosiy patentlarini chippakka chiqarib, N.Tesla birinchi deb e’tirof etgan. Biz bunga xolis baho berishda 1943 yili ikkinchi jahon urushi  davri bo‘lib, Markoni Italiya fuqarosi ekanini hamda AQSH va Italiya o‘rtasida o‘sha paytda urush ketayotganini e’tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak.

Radio to‘lqinlari sohasining yana bir zabardast olimi  Er­nest  Rezerforddir. Rezerford yangi Zelandiyada yashab yurgan yillari yuqori chastotali razryadlar orqali temirni magnitlash hodisasini o‘rganib, o‘z izlanishlari natijasini “Yangi Zelandiya instituta maqolalari to‘plami”da 1894 yili chop ettirgan.  U Kembrijga o‘tganidan so‘ng izlanishlarini davom ettirib, elektr tebranishlari ta’sirida po‘lat sterjen magnitlanishining susayishini aniqlaydi va ushbu effektdan elektr to‘lqinlarini detektorlashda foydalanishni taklif qiladi. Rezerfordning «Elektr to‘lqinlarining magnit detektori va uning ba’zi tatbiqlari” nomli maqolasi 1897 yili bosmadan chiqadi. Ushbu maqolasida elektromagnit to‘lqinlarini katta masofalarda aniqlash uchun detektordan foydalanishni tak­lif qiladi. Maqolasi bosilib chiqqach,  Rezerford Markoni olgan natijalar bilan tanishib qoladi hamda o‘z detektori bilan boshlagan tajribalarini to‘xtatib, radioaktivlikni o‘rganishga kirishadi. Natijada atom yadrosi va birinchi yadro reaksiyalarini kashf qilib, Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Zamonaviy radio ixtirosida muhim o‘ringa ega yana bir olim rossiyalik muhandis Aleksandr Stepanovich Popovdir. U 1859 yilning 16 martida Uraldagi Turin koni posyolkasida ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. 1877 yili Perm ruhoniy seminariyasini tugatib, Peterburg universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirgan. Popov kogerer haqida ma’lumotga ega bo‘lganidan keyin masofaga simsiz signal uzatish qurilmasi ustida ishlay boshlaydi. A. Popovniig tirikchiligi harbiy flot bilan bog‘lih  bo‘lgan.  1901 yili  Rossiyaning “General-admiral Apraksin” bronenosetsi sayoz joyga o‘tirib qolganida uning rahbarligida ikki radiostansiyaning ishlatilgani haqida ma’lumot bor, lekin bu radiostansiyalarning ishlash tamoyili butkul Popov ixtirosiga asoslanganmi yoki Markonining jahon bo‘ylab keng tarqalgan qurilmalariga suyanganmi, bunisi noma’lum. Lekin o‘shanda  A. Popov mukofot bilan taqdirlangani rost. A.Popov tomonidan birinchi radiogrammaning uzatilishi sanalari haqida ham noaniqlik  mavjud.  Ayrimlar uni 1896 yilning bahori edi desa,  boshqalar  1897 yilning oxirgi oylarini aytishadi. Ikki xil fikrdagilar soni  ko‘p bo‘lgani sababli ushbu muhim masala hal etilmasdan qolgan.  Rus fizika-kimyo jamiyatining 1896 yil 7 maydagi (eski sana bilan 24 aprel) majlisi protokolida “A.S.Popov Gers tajribalarini demonstratsiya qilish uchun qurilmalarni namoyish etyapti”, deb yozib ko‘yilgan, xolos.

Albatta, bunday to‘kis bo‘lmagan ta’rifdan (buni ba’zi birovlar, Popovning ishi Dengiz harbiy muassasasi tomoni­dan sir saqlangan,  deb ham talqin qilishadi), sababi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, A. Popov tarixda birinchi radiogrammani yuborgan odam,  degan xulosani  chiqarib bo‘lmaydi.  Popov hamda Markoni o‘rtasida birinchilikni talashish uchun raqobat bo‘lmagan, balki o‘z paytida Markoni firmasi boshqa mutaxassislar qatori rus olimini ham hamkorlikka taklif etgani ma’lum. Markonining izlanishlari haqida ma’lumotlar matbuotda ko‘payib qolgach, “Kotlin” gazetasining 1897 yil 20 yanvar sonidagi maqolani  Popov go‘yo o‘zining birinchiligini himoya qilish uchun yozgan,  degan qarashlar ham bor.  Lekin Popov izlanishlarini nashr qilishga shoshmay,  bal­ki asosan dengiz  zobitlari va olimlariga axborot berish bi­lan qanoatlangan.

Balki u o‘z kashfiyotining jahonshumul ahamiyatini  Markonichalik o‘z vaqtida sezmagandir? Chunki Popov ixtirosini hech qachon va hech qaerda patentlamagan.  Ixtirosini takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish uchun harakati o‘ta sust bo‘lgan. Hukumat uning ixtirosini qo‘llab- quvvatlamagan. Markonining muvaffaqiyatlari oldida Popov erishgan yutuqlar u darajada ta’sirchan ko‘rinmaydi. Boshqacha bo‘lishini kutish ham mushkul edi. Chunki Popovning tajribalar o‘tkazish uchun mablag‘ so‘rab qilgan iltimosnomasiga den­giz vaziri: “Bunday xomhayollarga pul ajratishga ruxsat bermayman”, deb imzo chekkan. Popov Markoni kabi kurashuvchan tabiatga ega bo‘lmagan,  balki o‘z ixtirosini ilgari surishda o‘ta vazmin edi.

(Adolatli bo‘lish uchun aytish kerakki, boshqa davlat muassasalari ham ushbu yangilikka bundan yaxshiroq qarashmagan. Masalan, Ernest Rezerford yoshligida simsiz sig­nal uzatish bilan shug‘ullangan kezlari izlanishlarini davom ettirish uchun hukumatdan bir pensa ham undira olmagan. Bunga faqat o‘ta uddaburon, shijoatli va mislsiz g‘ayrat egasi  Markonigina  erishgan.) Keyinchalik vaziyatni anglagan vazir Popov ixtirosini qo‘llash uchun mablag‘ ajratgach, 1898 yili fransiyalik tadbirkor Dyukrete juda katta xarajat hisobiga “Popov-Dyukrete” quvib eta olmaydi, chunki Markoni juda ham ilgarilab ketgan edi. “Popov-Dyukrete” radiostansiyasi 1900 yili Parijda yaratgan jahon ko‘rgazmasida oltin medal oladi.

1904-1905 yillardagi rus-yapon urushida Rossiya kemalarining radiostansiyalar bilan o‘ta yomon jihozlangani ushbu urushda rus  dengizchilarining mag‘lubiyatiga asosiy sabab bo‘ladi va shuning natijasi bo‘lsa kerak,  “Popov-Dyukrete” radiostansiyalarini ishlab chiqarish 1906 yili to‘xtatiladi. Popov dengizchilar bilan 1901 yili Peterburg elektrotex­nika instituti fizika kafedrasi professori bo‘lgunicha ishlagan. 1902 yili Markoni tushgan kema Kronshtadtga kelganida Popov ushbu kemaga borib, Markoni bilan uchrashadi. Ushbu uchrashuvda “Kim birinchi?” degan masala umuman ko‘rilmagan, balki unda ikki olimning ilmiy mavzudagi samarali suhbati bo‘lib o‘tgan. 1905 yil Popov institut direktori qilib saylanadi. U 1906 yilning 13 yanvarida vazirning navbatdagi kamsitishi va xaqoratlari ta’sirida miyasiga qon qo‘yilib,  jon beradi.  Shu tariqa jaholat insoniyatni yirik olimdan bevaqt ajratgan edi. Uning dafn marosimi ham Markoni bilan vidolashuvdagi tantanalar kabi ulug‘vor bo‘lmay,  balki achinarli tusda o‘tkaziladi.

Radioning kashf bo‘lishi Maksvell nazariyasining haqqoniyligini amaliyotda yana bir bor tasdiqladi.  Maksvell nazariyasi fiziklar oldiga qator jiddiy va chuqur jumboqlarni qo‘ygani va ular echimining topilishi fizika tarixida yangi inkilobiy davrni ochib berdi. Chet elda birinchi muntazam radiostansiya 1920 yil 2 noyabrda Pitsburg (AQSH) da ishga tushirilgan. G‘arbiy Evropada dastlabki radiostansiyalar 1922 yili London va Parijda ishlay boshladi. 1923 yili Germaniya, Belgiya, CHexoslovakiyada, 1924-1926 yillarda yana 14 mamlakatda, jumladan, Vengriya, Polsha, Yugoslaviya, Yaponiyada, 1927 yili Ruminiyada, 1929 yili Bolgariyada radiostansiyalar ishga tushdi. Sobiq ittifoqda radio karnayi orqali 1922 yili Nijegorod shahrida Bonch-Burevich rahbarligida matnlar o‘qib beriladi va radiokonsertlar uzatiladi. 1924 yil 23 noyabrda radio gazetaning birinchi soni o‘qib eshittiriladi. 1925 yili efirda birinchi marta Moskva qizil maydonidan oktyabr tantanalariga bag‘ishlangan reportaj olib eshittiriladi,  birin-ketin boshqa  dasturlar paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonda tajriba tariqasida dastlabki radioeshittirishlar 1926 yili Toshkent radiostansiyasidan berildi. 1927 yilning 11 fevralida Toshkentda 2 kvt quvvatli ommaviy radiostansiya ishga tushirilib, muntazam radioeshittirishlar olib borildi. 1929 yili shu radiostansiya orqali dast­labki radio gazetalar berila boshladi. 1930 yili Toshkentda 20 kvt quvvatli “RV-11” radiostansiyasi ishga tushdi. Uning eshittirishlari o‘rta Osiyoning eng uzoq joylari  Pomir, Xorazm, Qoraqalpog‘istongacha etib boradi. Radiostansiyalarni musiqali eshittirishlar bilan muntazam ta’minlash maqsadida 1927 yilda xalq cholg‘u ansambli tuziladi. Keyinchalik uning asosida maqom ansambli tashkil topadi. Radioeshittirishlarning shakllari kengayib, mavzusi boyib bordi. O‘sha yillarda Safo Mug‘anniy, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, domla Halim Ibodov, Muhiddin qori Yoqubov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Tamaraxonim, Rahima Nosirova, Rizqi va Yunus Rajabiy,  Imomjon Ikromov kabi mashhur xofizlar, usta sozandalar radio-eshittirishda faol ishtirok etishgan. Urush yillari Hamid Olimjon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Shayhxzoda, Uyg‘un hamda boshqa yozuvchi va shoirlar O‘zbekiston radiosi eshittirishlarida bir necha bor chiqishgan…

NavDPI ARM boshli`i  Xamza Artikov