loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

Harna-da, harna… yoxud «ishning ko’zini biladigan odam»

Xalqimizda «Ishning ko’zini biladigan odam» degan gap bor. Menimcha, so’ngi paytlarda shu ibora o’z o’rnida emas, balki xalqning ichida yurgan, birovning qayg’usi yoki tashvishi evaziga manfaat topadiganlarga nisbatan qo’llanib kelinmoqda.

Deylik, Eshmat katta bir idorada amaldor, Toshmat esa unga ishi tushib turgan tadbirkor. Lekin u Eshmat bilan tanish-bilishchiligi yo’q. Mana shu yerda katta sahnaga Abdusamad chiqadi. U Eshmat bilan «aka-ukachiligi» bor odam. O’rtada vositachilik qilib, tadbikorning ishini bitirib beradi, bundan amaldor ham manfaatdor bo’ladi. Xo’sh, bu yerda Abdusamad kim? Ha, o’lmang, u «ishning ko’zini biladigan odam»!

Hozirgi bozor iqtisodiyoti davrida barcha harakat va hatto harakatsizliklar moddiy manfaat topish yo’lida amalga oshirilmoqda. Jamiyatda yana shunday insonlar borki, ular o’z biznesiga ega, topish-tutishi yaxshi. Lekin farzand ko’rsa, bolasi ikki yoshga to’lgunicha davlat tomonidan kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqa pulidan umidvor. Mahalla fuqarolar yig’inlariga kerakli «isprapka»larni olib kelib beradi-da, «Abdusamad»ga «muomala»sini qiladi. Qarabsizki, har oy 300 ming so’m qo’shimcha daromadga ega bo’lib turibdi-da. Chunki u la’nati, ishning ko’zini biladi-da!

Bir tanishimga: «Nega shunday qilasan? Haqiqatda moddiy ahvoli tang bo’lganlar olsin shu nafaqani, qo’y!» desam, «Hech bo’lmasa pampersining puli chiqib turadi-da, aka, harna-da harna», deya «Malibu»siga o’tirib ketdi…

Mahalladagi haqiqiy kam ta’minlangan oila bekasi Maxfirat opa esa shuncha yugur-yugur bilan o’sha pulni ola olmaydi. Chunki u ishning ko’zini bilmaydi. Opaning Abdusamadga o’xshagan ishning ko’zini biladigan tanishi ham yo’q.

Balki eshitganingiz bordir: bola pulining «Bir oyligi tushib qoladi» deb nomlangan sxemasi bo’ladi. Ajoyib-a? Masalan, nafaqani avgust oyidan boshlab olishingiz kerak bo’lsa, aslida sentyabrdan boshlab olasiz. Chunki «bir oyligi tushib qoladi» Qayerga tushib qoladi? Kimning jig’ildoniga? Bunisi endi Yaratganga ayon…

Shu go’daklarni rizqini uyalmasdan yeydigan odamlar ham bormi deb o’ylab qolasiz. Ha, bor ekan-da…

Bu kaslar shu pulni olishsa, go’yoki yanada boyib ketaman deb o’ylashsa kerak-da. Lekin kimlargadir shu pul haqiqatda asqotishini xayollariga ham keltirishmaydi.

Puli ko’p bo’lsa-da, o’zi «mayda» inson (pastkash)larni ko’rdik. O’zi kambag’al bo’lsa-da, farzandni, oilasini ta’minlashni haqiqiy erlik burchi deb bilgan, mardikorchilik qilib bo’lsa ham burchini bajarib, davlatdan yordam puli olishni or bilib: «Bizdan muhtojroqlar olsin aka…» degan mardlarni ko’rdik. Ular bilmaydiki, undan 10 barobar yaxshi yashayotgan «ishning ko’zini biluvchi» pastkash «Harna-da, aka, harna», deb oladi o’sha pullarni…

«Yuqori tashkilotdan komissiya kelyapti!» degan gapni eshitgan chiqarsiz. Quloqqa qo’rqinchli eshitiladi-ya? Yo’q! Qo’rqinchli emas! O’zining funktsional vazifasini sidqidildan bajarib qo’ygan, kamchiligi yo’q, xalqi va vijdoni oldida toza bo’lgan odam uchun hech ham qo’rqinchli emas. Ammo bu gap «ishning ko’zini biladigan» uddaburonlar uchun ham qo’rqinchli emas. Ular faoliyatida kamchiliklari ko’p bo’lsa-da, suvdan quruq chiqib ketaverishadi. Chunki ular komissiyani kutib olish, ular uchun ziyofat tashkillashtirish, sovg’a-salomlar bilan siylashning hadisini olishgan. Mana, ishning ko’zi qayerda?!

Yegan og’iz uyalar, deyishganiday komissiya «jonivor» ham, kamchiliklarga ko’z yumib, konvertda «ulush»ini olib ortiga xursand bo’lib qaytadi. «Ishning ko’zini biluvchi» esa mag’rur. U uddaburon, u g’olib! Buning uchun hamma uni olqishlaydi, maqtaydi, kamchiliklar shu bilan unut bo’ladi, ularni tuzatib qo’yish hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Yanagi yilgi komissiyagacha Xudo poshsho? Qolaversa, bizda ishning ko’zini biluvchi bor!

Hayit yoki yangi yil bayrami yaqinlashmoqda, talabalar esa Toshkentdan bayram uchun uylariga qaytmoqda. Odatda, 30 mingga qatnaydigan taksilarning yo’lkirasi bunday paytlarda 70 mingga ko’tarilib ketadi. Yoki dovonga qor tushdi, deylik. Bu vaziyatda kecha 50 ming bo’lgan yo’lkira bugun 100 mingga chiqib turibdi-da! Chunki u taksichilar «ishning ko’zini biladi»!

Shunday qilib, ko’pchilikning ongida shakllangan steriotipga ko’ra, men yuqorida tilga olgan Abdusamad, «Malibu»si bor odam, bola pulining bir oyligini urib qoluvchi, komissiyashunos hamda olg’ir taksichilar «ishning ko’zini biluvchi»lar! Aslida-chi?! Aslida «Whatsapp» messenjerini yaratgan va uni «Facebook» kompaniyasiga 22 milliard (!) dollarga sotgan Yan Kun ishning ko’zini biladigan odam. Biz 22 yil davomida paxta yetishtirib topgan pulni bitta messenjerni sotib topgan odam haqiqatda ishni ko’zini biluvchidir. Singapurni «Uchinchi dunyo mamlakati»dan dunyoning eng qudratli iqtisodiyotga ega davlatlardan biriga alantirgan Li Kuan Yu xaqiqiy ishning ko’zini biladigan odam. Ko’pchiligimizning nazdimizdagi «ishning ko’zini biluvchilar» shunchaki firibgar va yulg’ichlardir. Ularning bizga keragi yo’q.

Yana shunday insonlar bor, umri davomida yuqori lavozimlarda ishlagan. Ammo halolligi ortidan hech narsa orttirmagan. Shunday odamlar mansabdan ketganidan so’ng ba’zi bir eshakmiyalar «Xeh, shuncha yil amaldor bo’lib tuzukroq narsaliyam bo’lmadi shu odam, nomi ulug’, suprasi quruq!» deb masxaralashganini eshitib og’rinaman. O’ylab qolaman: balki bizga faqat yuqorida aytganim singari «ishning ko’zini biluvchilar» kerakdir?

Nurbek Alimov