loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

«ДЕНЬГИ» TURKIYCHA SO‘ZMI? YOKI TILDAN TILGA KO‘CHIB YURGAN SO‘ZLAR…

Til insonga tabiat tomonidan in’om etilgan bebaho ne’matdir. U insoniyatning o‘zi yanglig‘ qadimiy. Bashariyatning dastlab qachon va qaerda paydo bo‘lganligini bilish nechog‘lik qiyin bo‘lganidek, daslabki tilning ham qaerda va qachon vujudga kelganini aniq aytish amri mahol. Bunga fan ham qoniqarli va aniq javob bera olmaydi.
Ha, insoniyat qay darajada uzoq tarixga ega bo‘lsa, uning tili ham ana shunday qadimiy. Tilning «til»ligi uning so‘z boyligi bilan o‘lchanadi. Bu boylikni fan tili bilan «leksika» deyiladi, o‘zbekchasi «lug‘at tarkibi»dir.
Lug‘at tarkibida so‘z qancha ko‘p bo‘lsa, til shuncha boy sanaladi. Masalan, arab tili dunyoning eng boy tillaridan hisoblanadi. Uning lug‘at tarkibidagi so‘zlar uch yarim milliondan ortiq. Ingliz tili ham shunday. Ikki yarim milliondan ko‘proq so‘zi bor. O‘z tilimiz – o‘zbek tilini aytmaysizmi, u, ko‘chma ma’nolilari bilan hisoblaganda, olti yuz mingga yaqin so‘z vositasida «muomalada bo‘ladi». Shularning aksi o‘laroq, dunyoda shunday tillar ham borki, so‘zlari besh yuztaga ham bormaydi. Masalan, Gvineyadagi taki tilida bor-yo‘g‘i 340 ta so‘z bor ekan…
Har qanday millat tilining lug‘at tarkibi boshqa omillar qatori chetdan o‘zlashgan so‘zlar hisobidan ham boyib boradi. Bir tildan boshqa tilga so‘zlarning o‘tib turishi muttasil sodir bo‘luvchi qonuniy lisoniy jarayondir. Bunday o‘zlashma so‘zlar miqdori shu tilning o‘z so‘zlari miqdoriga tenglashib, hatto undan oshib ketishi ham mumkin. Olimlarning hisobiga qaraganda, o‘zbek tili lug‘at tarkibining deyarli yarmi o‘zlashma so‘zlardir. Bunday so‘zlarning ko‘pi «mahalliylashib», shu tilning o‘z mulkiga aylanadi, «begona»ligi unutiladi. Masalan, tilimizdagi «bajarmoq» so‘zini «begona», «kelgindi» deb bo‘ladimi, axir? U, aslida, tojikcha «ba jo ovardan» iborasining «o‘zbekchalashgan» shakli-ku! Yoki «lab»ni olaylik. U o‘zbeklarning «tub» so‘zi emas. Tojik tilidan o‘tgan. Bu so‘zning asl o‘zbekchasi «tutqaq» (eyiladigan narsalarni tutib, og‘izga, og‘izdan oshqozonga o‘tkazadigan tana a’zosi) bo‘lgan. Keyinchalik u «dudoq» shaklida ixchamlashgan.
Bu dalil tojikchadan o‘tib o‘zbekchalashgan so‘zlarning «dengizdan tomchisi», xolos. Tilimizda o‘z mulkimizga aylangan arab so‘zlari ham kam emas. Shuningdek, rus tili va u orqali Yevropaning boshqa xalqlari tillaridan o‘tgan so‘zlarni aytmaysizmi? Ular ham kam emas – ko‘p emas, bir necha o‘n mingni tashkil kiladi.
Qizig‘i shundaki, ruscha so‘z deb o‘ylagan ayrim lug‘aviy birliklarimiz ham aslida boshqa xalqlar tilidan o‘tib, rus milliy tilining lisoniy mulkiga aylangan. Shulardan biri «s i r o p»dir. Bu so‘z shu shaklda o‘zbek tiliga ham o‘zlashib, «qiyom», «sharbat» so‘zlarining ma’nodosh (sinonim) muqobiliga aylangan. «Uzum sharbati» rus tilida «vinogradniy sirop», «o‘rik sharbati» «abrikosoviy sirop» deyiladi va h.k.
«Sirop» rus so‘zi emas ekan, u qaysi tilga qarashli lisoniy birlik?», deya qiziqayotgan bo‘lsangiz kerak. Ha, bu so‘z rus tiliga fransuz tilidan, fransuz tiliga esa, arab tilidan o‘tib o‘zlashgan ekan.
Arab tilida sarxush qiluvchi ichimlikni «sh a r o b» deyiladi. Bu so‘z rus tiliga «s i r o p» shaklida o‘zlashgan. O‘zbek tilidagi «sharbat» so‘zi xam «sharob» bilan o‘zakdosh, ya’ni tubdosh. Biroq u «sharbat» shaklida o‘zbek tiliga tojik tili orqali o‘tgan.
«O‘zbek tilidan ham boshra tillarga so‘zlar o‘tganmi?», dersiz. Ha, o‘zbekcha so‘zlar ham boshqa tillarga o‘zlashgan. Bunday so‘zlar anchagina. Jumladan, rus tili lug‘at tarkibida ham bunday so‘zlar uchraydi. Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tiliga xos so‘zlarning rus tilida uchrashi, balki, g‘ayritabiiy tuyular, lekin ularning ko‘pi rus tilining o‘z so‘zlari kabi singishib, turkiy xalqlar uchun begona bo‘lib qolganligi yanada ajoyib. Kirpich, utyug, loshad’, ayva kabi so‘zlar asli turkiy tillarga mansub, shu jumladan, ular o‘zbek tiliga ham aloqadordir. Butun bir rus davlatining iqtisodiy mo‘’tadilligini ta’minlab turuvchi DEN’GI so‘zini aytmaysizmi…
Bu so‘zning turkiy xalqlar tiliga mansubligi hatto shu xalq vakillari tomonidan unutilgan bo‘lsa ajab emas. Shuning uchun ham, turkiy xalqlar den’gi so‘zi o‘rnida pul, aqcha so‘zini ishlatadilar.
«Den’gi» aslida tanga bo‘lib, ruslar uni turkiy xalqlarning o‘g‘uz guruhi vakillaridan qabul qilgan. Ozarbayjonlar va Xorazm o‘zbeklari o‘g‘uzlar deb ataladi. Ular «t» tovushi o‘rnida, «d» ishlatishadi. Shu bois, tanga o‘g‘uz guruhi tillarida danga shaklida qo‘llanadi. Danga rus tiliga uning talaffuz qoidalariga moslashgan holda, «den’gi» tarzida qabul qilingan. Den’gi so‘zining boshqa tilga xosligini ruslarning o‘zi ham bilmasa kerak…

Mazkur ma’lumotlar f.f.d., prof. A.Berdialievning “Podsholikka chek qo‘ygan pochchalar” risolasi asosida tayyorlandi.
Tuzuvchi: f.f.n., dos. R.H.Davlatova

(Foydali va o‘rinli e’tirozlar bo‘lsa o‘ta samimiyat va minnatdorchilik bilan qabul qilinadi.)