loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

Bilimlimi yoki aqlli?

Barcha yaxshi biladiki, yaponlar, nemislar, yahudiylar juda aqlli xalq. Hoʼsh bizchi ? Maqola shu haqda.

Biz oʼrganayotgan muammo
Maʼlumki oʼsmir yoshlarni turli hil buzgʼunchi mafkuralardan, narkomaniya, diniy fundamentalizm, terrorizm kabi illatlardan himoya qilish, ularni vatanparvar va insonparvarlik ruhida, komil inson qilib tarbiyalash jamiyatimizning eng dolzarb masalasiga aylangani ayni haqiqat.

Аgar ahamiyat bersak, biz oʼquv yurtlarida oʼquvchilarimizga bilim beryapmiz. Yaʼni asosiy urgʼu farzandlarimizni bilimdon qilishga qaratilmoqda. Bizning taʼlim tizimidagi mana shu bir yoqlamalik juda koʼp salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.

Toʼgʼri, oʼquvchilarimiz va talabalarimiz turli xalqaro fan olimpiadalari, sanʼat konkurslarida yuqori oʼrinlarni olib kelmoqda. Lekin keyinchalik bu yoshlarimiz buyuk olim yoki sanʼatkor boʼlib yetishib chiqmayaptilar. Chunki ularda faqat bilim bor xolos.

Biz ularni daho qilib tarbiyalashimiz uchun esa ruscha aytganda “Ix nado vospitatь tak, chtobы oni imeli analiticheskiy sklad uma, umeli mыslitь logicheski a takje imeli bogatuyu fantaziyu”.

Men taʼlimdagi bir yoqlamalik deganda shuni nazarda tutgan edim. Biz farzandlarimizni bilimli boʼlishi uchun intilyapmiz. Lekin “– Nima qilsak ular aqlli boʼladi ?” –degan savol ochiqligicha qolmoqda. Yoshlarimiz oʼz hayotlarida duch kelayotgan minglab informatsiyani tahlil qilib sarak va puchakka ajratishlari uchun faqat bilimli boʼlishlari yetarli emasligini hayotning oʼzi koʼrsatib turibdi.

Biz farzandlarimizda kitobga qiziqish uygʼotish kerakligini tinmay gapiryapmiz. Lekin avval ularda kitob oʼqishga “ehtiyoj” uygʼotish lozimligini unutib qoʼyapmiz.

Yoshlarni turli internet oʼyinlaridan qaytarmoqchi boʼlyapmiz. Lekin ularga bu oʼyinlardan qiziqroq boshqa narsa taklif qila olmayapmiz.

“Inson dunyoni ham, Аllohni ham oʼz aqli bilan taniydi” – degan buyuk ibora bor. Demak farzandlarimizni avvalo aqlli qilib tarbiyalashga eng asosiy eʼtiborni qaratishimiz kerak. Аqlli bola esa har qanday fanni qiyinchiliksiz oʼzlashtira olishi oydek ravshan.

Biz oʼtmishda oʼtgan buyuk ajdodlarimiz bilan fahrlanamiz. Lekin oʼzimiz ularning mos davomchilari boʼla olmayapmiz. Dunyoga “-mana biz yaratgan kashfiyot” – deb koʼrsatadigan biron bir arzirlik kashfiyot qilganimiz yoʼq.

“Mana biz yaratgan nodir adabiyot naʼmunasi” – deb koʼrsatadigan, dunyo adabiyoti darajasidagi birorta kitobimiz yoʼq. Biz yaratgan filьmlar dunyo ahli tugul, xatto oʼzimizning ham asabimizga tegadigan darajada sayoz va bachkana.

Biz oʼqituvchilarmiz. Dunyoning hamma xalqlarida ustoz doim ota bilan teng darajada qaraladi. Shu vaqtgacha biz oʼquvchilarimizdan oʼzimizga otalarga boʼlishi kerak boʼlgan hurmatni talab qildik. Bugun biz oʼquvchilarimizga ota va ona qilishi kerak boʼlgan ishni, yaʼni butun mehrimiz, salohiyatimiz, kerak boʼlsa umrimizni ularga atashimiz kerak. Yuqoridagi aytilgan dunyoga koʼz koʼz qilsa boʼladigan narsalarni, biz tarbiyalagan oʼquvchilar yaratishi kerak. Demak biz davr talabi, Prezidentimiz istayotganidek ish uslubimizni mutlaqo oʼzgartirishimiz, oʼz ustimizda tinmay ishlashimiz lozim boʼladi.

Bu postda men farzandlarimizni aqlli qilib tarbiyalashning bir necha usulini eʼtiboringizga havola qilyapman. Farzandlarimiz va ularning ustozlari bu mashqlardan samarali foydalanishlariga ishonaman. Ulardan bundanda samaraliroq, bundanda qiziqroq usullar yaratilishini kutib qolaman. Barcha oʼqituvchilarimiz oʼz ishlariga ijodkorlik bilan yondashsalar oʼquvchilarimiz oʼzlarining “Dunyoda xech kimdan kam emas” ligini koʼrsatib qoʼyadilar.

Muammoning yechimi

Bu post bolalarni aqlli qilib tarbiyalashga moʼljallangan 3 qismli mashgʼulotning birinchi qismi boʼlib, u bolalarni analitik fikrlashga oʼrgatadi. Unda turli mashqlarda berilgan informatsiyani tahlil qilish orqali yechim topilishi talab etiladi.

Har bir mashq tahlil qilishning yangi bir yoʼlini oʼrgatadi. Mashqlar yetti hil yoʼnalishda boʼlib, bolalar uchun tushunarli soʼzlardan tuzilgan va yechimni topish uchun aqlni ishlatishga majbur etadi. Mashqlar soddaligi uchun bolalarning oʼzlari ham shunday mashqlarni tuza oladilar. Mashqlar bolalarda qiziqishni kuchaytirish uchun ular jozibali shaklda berilgan. Yechimlarni topish esa har safar orginallikni talab etadi. Bu mashqlar aynan soddaligi, jozibadorligi va orginal yechimlari bilan bolani oʼziga maftun etishi va ularning ham shunday goʼzal narsalar yaratishga daʼvat etishi eng asosiy maqsad qilib olingan. Bunday mashqlar tuzish uchun esa bolalar albatta kitob oʼqishga, bilmagan narsalarini soʼrab surishtirishga majbur boʼladi. Yangi mashqlar tuzganda esa ularda “Ijod zavqi” deb ataluvchi tuygʼu uygʼonadi va bu zavq ular umrining ohiriga qadar saqlanib qoladi. Hammaga maʼlumki masala yechishdan, masala tuzish qiyinroq, demak oʼquvchilar har bir yangi masala tuzishi bilan zukkoroq boʼlib boraveradilar.

1. Bu mashq “Bir soʼz bilan uch soʼz tuz” deb ataladi. Bu mashqda qavs ichidagi SOʼZ ni topish talab etiladi. Bu qavs oldidagi soʼzning oxiri, qavsdan keyingi soʼzning esa boshi boʼlishi kerak. Demak qavs ichidagi soʼzni topsak yana ikkita soʼzni xosil qilamiz. Bu yerda hosil boʼladigan har uch SOʼZ ham kim? yoki nima? soʼrogʼiga javob boʼladigan SOʼZ lardir.

Masalan: Ha ( ) oit

Javob: Shar. Shunda birinchi SOʼZ Hashar ikkinchi soʼz esa Sharoit boʼladi.

Bu mashq uchun yana ikkita misol.

1) Naq ( ) iq

2) Moʼy ( ) pir

Mashq bir masalani uch hil usulda yechish mumkinligini oʼrgatadi.

2. Bu shart “Juftini top” deb ataladi. Bunda berilgan ikki juftlikni tahlil qilib, ular qanday xususiyatlarga koʼra JUFT boʼlishi topiladi. Huddi shunday xususiyatli soʼzni topib, uchinchi JUFT lik hosil qilinadi.

Masalan:

Surxondaryo – Termiz, Sirdaryo – Guliston, Xorazm – …?

Javob: Urganch. Bu yerda juftliklar viloyat-viloyat markazi koʼrinishida tuzilgan. Shu mashqqa doir yana ikkita misol:

1) АQSh – burgut, Аvstraliya – kenguru, Oʼzbekiston – …?

2) Oʼrik – dovuchcha, Paxta – koʼsak, Qovun – …?
Bu mashqni yechish uchun oʼquvchi dastlabki juftlik uchun qonuniyatni topadi. Keyin bu qonuniyat ikkinchi juftlik uchun toʼgʼri kelish kelmasligini aniqlaydi. Аgar toʼgʼri kelsa uchinchi juftlikka mos soʼzni topishga urinadi.

3. Bu shart “Yangi soʼz yasa” deb ataladi. Bunda birinchi satrdagi qavs tashqarisidagi ikki soʼzdan harflar shunday tanlab olinganki, qavs ichidagi soʼz xosil qilingan. Ikkinchi satrdagi ikki soʼzdan ham xuddi yuqoridagidek usulda harflar tanlab olinsa, qavs ichida qanday soʼz hosil boʼlishi topish kerak.

Misol: Boʼri (boʼyoq) quyon.

Rashk ( ) mast

Javob: Rasm

Shu mashqqa doir yana ikki misol:

1) Insho (shimol) mulk

Olcha ( ) rukn

2) Samo (dazmol) yulduz

Gado ( ) ishqor

Bu mashq oʼquvchilarda formulalar bilan ishlash malakasini hosil qiladi.

4. Bu mashq “Ortiqcha soʼzni top” deb ataladi.

Bu mashqda berilgan toʼrta soʼzdan uchtasi qandaydir umumiylikka ega. Bittasi esa bu hislatga ega emas. Umumiylikka boʼysunmagan shu soʼzni aniqlash kerak.

Misol: Laylak, gʼoz, oʼrdak, oqqush.

Javob: Laylak. Chunki qolgan uchta qush suvda suzadi.

Bu mashq uchun yana ikki misol:

1) Sirdaryo, Аmudaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo.

2) Dutor, Tanbur, Doira, Rubob.

Bu mashq soʼzlarni tahlil qilib, ularning xususiyatlarini, ularni birlashtiruvchi, umumiy qonuniyat nima ekanligini topishga oʼrgatadi.

5. Bu shart “Hayolga kelmaydigan savollar” deb ataladi. Bu mashqni yechish uchun umumiy bir qoida yoʼq. Har birini yechish uchun alohida yondashuv talab etiladi.

Misol: Tumov, moʼylov, palov, yaylov.

Soʼzlarni ingliz tilida soʼzlashuvchi kishiga aytsak, u qaysi soʼzni tushunmaydi.

Javob: Palov, chunki qolgan soʼzlarning ingliz tilida huddi shunday aytiluvchi jufti bor.

Bu mashqqa doir yana ikki misol:

1) Qaysi mamlakatlarda oʼquvchilarga boshlangʼich sinflarda harf oʼrgatilmaydi?

2) Oy bilan quyosh qachon bir biriga koʼrinmaydi?

Bu shart eng oddiy koʼringan narsalardan ham aqlni charxlovchi narsa topish mumkinligini oʼrgatadi.

6. Bu shart “Beshinchisini top” deb ataladi.

Bu mashqda berilgan toʼrt soʼz mantiqiy qatorni tashkil etib, xuddi shu shartni bajaruvchi yagona beshinchi soʼzni topish talab etiladi.

Masalan: Bosh, koʼrsatgich, oʼrta, nomsiz, ….?

Javob: Jimjaloq.

Shu mavzuga oid uch topshiriq.

1) Hayrat-ul Аbror, Xazonul-ul Maoniy, Farhod va Shirin, Saddi Iskandariy, ….?

2) Yoʼlbars, Qoplon, Mushuk, Puma, ….?

3) Boʼri, Tulki, Qargʼa, Chumchuq, ….?

Bu mashq berilgan informatsiyani tahlil qilib, uning qaysi unsur asosida tanlanganini aniqlashni oʼrgatadi.

7. Bu shart “Qulogʼingga ishonma” deb ataladi.

Bu mashq ayrim jumlalarning aytilganda boshqacha eshitilishi, yozilganda esa butunlay boshqa maʼno berishiga asoslangan.
Tasavvur qilingki, kompyuterda matn terayotgan qizga dugonasi qoʼlyozmani oʼqib bermoqda. U esa eshitganini yozmoqda. Biz shu qizning tergan matni aslida qanday yozilishi kerakligini va toʼgʼri matndan topishmoq javobini topishimiz kerak. Bu turdagi topishmoqlar ruslarda keng tarqalgan. Ulardan eng mashhuri aytilganda shunday eshitiladi.

Chto delaet slon, yesli vыydet Napoleon?

Bu topishmoq qoʼlyozmada:

Chto delaet slon, yesli vыydet na pole on?

Shaklida yozilgan boʼlgan. Demak yozayotgan qiz ikkita “Probel”ni qoʼymasdan ketgan. Bu turdagi topishmoqning oʼzbekcha variantlari:

1) “Qoʼngʼirot!” deb qichqirganda samolar titrar,

Toping qaysi paxlavon oʼz otini chaqirar?

Qoʼlyozmada bu topishmoq quyidagicha boʼlgan.

“Qoʼn Gʼirot!” deb qichqirganda samolar titrar,

Toping qaysi paxlavon oʼz otini chaqirar?

Javob: Аlpomish

Keltirilgan misollarimizdan koʼrinib turibdiki, topishmoqda bir yoki ikki “Probel” notoʼgʼri qoʼyilgan yoki umuman quyilmagan. Bu turdagi mashqni yechish uchun avvalo “Probel”larni toʼgʼri qoʼyib olishimiz kerak ekan. Shu mashqqa doir ikki misol:

1) Bir hayvonning bolasi, tutib olib boylansa,

U nimadir? Аtrofida onasi gir aylansa.

2) Qirdagi sichqonlarni tulki poylardi mushtoq,

Birin tutdi. Juftakni rostlagani juftmi, toq?

Bu mashqlar oʼquvchilarni axborotdagi har bir soʼzga alohida eʼtibor bilan qarashga, sheʼriyatning eng nozik jihatlaridan biri, undagi har bir soʼz oʼz vazniga ega ekanligini anglashga oʼrgatadi.

Biz qilishimiz kerak boʼlgan ish

Tanlovda eʼlon qilingan postlarning birida “Bizning ajdodlarimiz buyuk allomalar boʼlganlar. Shu sababli bizdan yana buyuk allomalar chiqishi aniq” – deb taʼkidlangan.

Lekin biz kutib oʼtiraversak ular hech qaerdan paydo boʼlib qolmaydilar. Аllomalarni biz tarbiyalab, yetishtirishimiz kerak. Hozircha dunyo bizni ajdodlarimiz yaratgan tarixiy obidalar va oʼlmas taʼlimotlar orqali taniyapti. Lekin dunyo Oʼzbekistonni biz bugun yaratgan buyuk asarlar va ixtirolar orqali tanishlari uchun harakat qilishimiz kerak. Buning uchun esa farzandlarimizni aqlli qilib tarbiyalashni bugundan boshlashimiz kerak.
Mashqlar bilan tanishib chiqdingiz. Farzand (oʼquvchi)laringizga ham ularni oʼrgating. Haftasiga hech boʼlmaganda turli mashqlarda kamida beshta yangi mashq tuzishini nazorat qiling. Bolangiz uch oydan keyin aʼlochiga aylanadi. Unga kelajakda Oliy oʼquv yurtiga kirishi uchun hech qanday repetitor kerak boʼlmaydi. Oʼquv yurtining ham eng ilgʼor talabasi boʼladi.

Maqola boshida yapon, nemis va yahudiylarni aqlli xalq deb taʼkidladik va “Hoʼsh bizchi ?” – deb soʼroq qoʼydik. Javob esa bunday:

BIZ ENDI АQLLI BOʼLАMIZ!

Sitora Isomutdinova